Yangi Toshkent xalqaro aeroportiga metro liniyasi quriladi — Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent xalqaro aeroportiga metro liniyasi tortilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbari 15-oktabr kuni loyiha bilan tanishish jarayonida aytib o‘tdi, deb xabar berdi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Menimcha» dasturi.
Yangi aeroport Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlari hududida, 1,3 ming gektar maydonda quriladi. Loyihani Niderlandiyaning Naco Consulting kompaniyasi ishlab chiqmoqda.
Ko‘rsatuvda ta’kidlanishicha, yangi havo bandargohi hajmi jihatidan 16 ta Tashkent Cityga, yoki 1580 ta futbol stadioniga teng bo‘ladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, aeroportning barpo etilishi va samolyotlar parkini 105 tadan 180 tagacha oshirish orqali O‘zbekiston iqtisodiyotiga yiliga 770 million dollar daromad keltiriladi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, aeroport joylashuvi xavfsizlik va parvoz qulayligi jihatidan eng maqbul hudud sifatida tanlangan.
«Bu Toshkent va Toshkent viloyati o‘rtasidagi chorraha. Aeroportga 25 daqiqada yetib borish mumkin, masofa — 24 kilometr. Shattl xizmati tashkil etamiz, xudo xohlasa, metro liniyasini ham tortamiz. Hammasi bir tizimda, zamonaviy tarzda amalga oshiriladi», — dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, kelgusi besh yil ichida 75 ta yangi samolyot xarid qilish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. 2030-yilga borib, yo‘nalishlar soni 230 taga, ichki va xalqaro reyslar esa yiliga 200 minggacha yetkazilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi Toshkentda Ar-Riyod mavzesi barpo etilishi haqida yozgandi.