Investitsiyalar

Yangi Toshkentda Ar-Riyod mavzesi barpo etiladi

Yangi Toshkentda Saudiya Arabistonining Al Majdiah va First Avenue kompaniyalari ishtirokida Ar-Riyod mavzesi barpo etiladi
Yangi Toshkentni isitishda Janubiy Koreyaning K-heating texnologiyasi joriy etiladi
Yangi Toshkentda Ar-Riyod mavzesi barpo etiladi. Foto: Cross Work

Yangi Toshkentda Saudiya Arabistonining Al Majdiah va First Avenue kompaniyalari ishtirokida Ar-Riyod mavzesi barpo etiladi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalining «Menimcha» ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.

Bu tashabbus O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 15-oktabr kuni Saudiya Arabistonining yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvi chog‘ida muhokama qilingan. Uchrashuvda ACWA Power, Vision Invest, Al Majdiah, Riyadh Cables, InterHealth, Saudi Tabreed kabi kompaniyalar ishtirok etdi.

Uchrashuvda Al Majdiah va First Avenue kompaniyasi direktorlari kengashi raisi Abdulsalom Al-Majid O‘zbekistonga sarmoya kiritishga qiziqayotgan saudiyalik tadbirkorlar soni oshayotganini aytdi.

«Saudiya Arabistonida keyingi yillarda O‘zbekistonga sarmoya kiritish niyatida bo‘lgan ishbilarmonlar tobora ko‘paymoqda. Biz ham barqarorlik hukm surgan O‘zbekistonga yaxshi niyatlar bilan investitsiya ajratishga qaror qildik. Jumladan, Yangi Toshkent hududida Ar-Riyod mavzesini o‘zbekistonlik hamkorlar bilan barpo etmoqchimiz. Bu borada ishonchingizni oqlaymiz», — deydi u.

Prezident Mirziyoyev bu loyiha ikki xalqni birlashtirishda ko‘prik bo‘lishini ta’kidladi.

Avvalroq O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi qo‘shma loyihalar portfeli $27 mlrdga yetgani xabar qilingandi. Shuningdek, ACWA Power kompaniyasi bilan $15 milliardlik energetika loyihalari amalga oshirilmoqda.