12 ming dollarlik Hongqi E-QM5 Battery Swap Edition avtomobili taqdim etildi

21-oktabr 2025 10:46 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Autohome

Xitoyning FAW kompaniyasi tomonidan Hongqi E-QM5 Battery Swap Edition avtomobili taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Model bitta komplektatsiyada sotuvga chiqqan. Uning narxi 89 800 yuan, ya’ni qariyb $12,6 mingni tashkil etadi.

Yangi E-QM5 avvalgi model dizaynini deyarli to‘liq saqlab qolgan. Old qismi yopiq panjarali, o‘ziga xos faralar bilan jihozlangan. Orqa qismda esa gorizontal chiziqlar va L shaklidagi chiroqlar joylashgan. Salonda minimalistik uslub ustun saqlangan. 10,1 dyuymli suzuvchi markaziy ekran ovozli boshqaruv va orqa kamera funksiyalariga ega.

Avtomobil uzunligi 5040 mm, kengligi 1910 mm, balandligi 1569 mm, g‘ildirak bazasi esa 2990 mm.ni tashkil etadi.

Hongqi E-QM5 Battery Swap Edition avtomobili / Foto: Autohome

Texnik jihatdan model CAM190PT4 raqamli doimiy magnitli sinxron motor bilan jihozlangan bo‘lib, 150 ot kuchi va 205 Nm moment ishlab chiqaradi. Batareya sifatida 56 kVt/soat sig‘imli CATL ishlab chiqargan litiy-temir-fosfat akkumulyator qo‘llangan. To‘liq zaryadda 500 km masofani bosib o‘tadi (CLTC sikliga ko‘ra).

Mutaxassislarning fikricha, bu model CATL’ning akkumulyator almashtirish tarmog‘idan foydalanmaydi, balki FAW’ning o‘z infratuzilmasiga tayanadi. Bu esa kompaniya uchun katta xarajat talab qilsa-da, taksi xizmatlarida foydalaniladigan avtomobillar uchun zaryadlash vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi.

Hongqi hozircha o‘z tarmog‘idagi batareya almashtirish stansiyalarining soni va ularning ishlash tizimi haqida batafsil ma’lumot bermagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Hongqi yangi modelini taqdim etishi haqida yozgan edi.

Shuningdek