
BYD kompaniyasi tomonidan BYD Fang Cheng Bao 5 avtomobilining yangi versiyasi rasman taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Bao 5 Long-Range Edition to‘rtta yangi komplektatsiyada taqdim qilingan. Ularning narxi 269 800 yuandan ($37,8 ming) boshlanadi va 329 800 yuangacha ($46,2 ming) yetadi.
Yangi versiya 210 km elektr yurish masofasiga ega. Asosiy texnologiyalar bo‘yicha yangilanishlar kiritilgan. Model DMO+ platformasi, Huawei Qiankun ADS 4 aqlli haydovchi tizimi va takomillashtirilgan BYD intellektual ekotizimi bilan jihozlangan.

DMO+ platformasi mavjud Bao 5 egalari uchun ham OTA (Over-The-Air) yangilanish orqali taqdim etiladi. Yangi tizim Full-Speed Domain Road Surface Perception Control texnologiyasi yordamida avtomobilning tork taqsimoti va boshqaruv aniqligini har qanday tezlik va yo‘l sharoitida barqaror ushlab turadi.
Haydovchi yordamchi tizimlari ham sezilarli darajada yangilandi. Huawei Qiankun ADS 4 bulut asosidagi o‘z-o‘zini o‘rganish funksiyasiga ega. Parkovka uchun Parking Space to Parking Space 2.0 tizimi, xavfsizlik uchun esa CAS 4.0 Anti-Collision himoya tizimi joriy etilgan.

DiSus versiyasi off-road ishqibozlari uchun maxsus ishlab chiqilgan. U DiSus-P gidravlik kuzov boshqaruv tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, balandlik, qattiqlik va amortizatsiyani avtomatik sozlaydi. Avtomobilning suv bosib o‘tish chuqurligi 790 mm, suspenziya balandligi esa 140 mm gacha o‘zgaradi.
Bao 5 Long-Range Edition besh xil tashqi rang va uchta ichki dizayn variantida taqdim etiladi. 18 va 20 dyuymli yangi disklar hamda orqa qismda joylashgan ko‘k chiroqli aqlli tizim uning zamonaviy ko‘rinishini to‘ldiradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan BYD 115 mingdan ortiq avtomobillarni qaytarib olishi haqida yozgan edi.