
Shahar va tumanlarda hokimlarning raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchisi lavozimi kiritiladi. Bu haqda prezident sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga oid videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.
Shuningdek, endilikda vazirlar va tarmoq rahbarlarining raqamlashtirish uchun mas’ul o‘rinbosarlari sohada sun’iy intellektni rivojlantirishga ham javobgar bo‘ladi.
Alohida bo‘linma
Barcha vazirlik va hokimliklarda sun’iy intellektni rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi alohida bo‘linma tashkil etiladi. Ularning asosiy vazifasi — ish samaradorligini oshirish, xizmat sifatini yaxshilash, ortiqcha xarajat va byurokratiyani kamaytirishdan iborat.
Bundan tashqari, xorijiy tillarni biladigan va texnologik salohiyati yuqori bo‘lgan 100 nafar mutaxassis AQSh, Yevropa, Singapur va Yaponiya kabi davlatlarda olti oylik malaka oshirish kurslariga yuboriladi.
Maxsus reyting
Kelgusi yildan esa vazirlik va hududlarda sun’iy intellektni joriy etish darajasini baholaydigan maxsus reyting tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Avvalroq davlat rahbari vazirlar, hokimlar va tarmoq rahbarlari haftasiga bir kunni sun’iy intellekt sohasini rivojlantirishga bag‘ishlashi zarurligini ta’kidlagandi.
«Hamma vazirlar, hokimlar chet elga borganida sun’iy intellekt iqtisodiyot tarmoqlari rivojiga qanday hissa qo‘shayotgani, aholiga, biznesga nima yengillik berayotganini ko‘ryapti. Bizda ham shuni qilsa bo‘ladimi? Albatta, bo‘ladi», – degan prezident.