Humans’ning sobiq menejeri noqonuniy qimor o‘yinlarini tashkil etishda ayblanib qo‘lga olindi

O‘zbekistonda PayWay to‘lov tizimi hammuassisi va kuzatuv kengashi a’zosi Bexzod Botirov noqonuniy qimor o‘yinlarini tashkil etishda gumonlanib qamoqqa olingan. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Botirov avval Humans Group tarkibidagi UPay to‘lov tashkilotini 6,5 yildan ortiq boshqargan. U 2025-yil 4-iyul kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani sudi qarori bilan hibsga olingan.
Sud unga nisbatan qamoqda saqlash tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llagan. Sentabr oyida sud hibs muddatini 2026-yil fevraligacha uzaytirgan, bunga gumonlanuvchining yashirinib ketishi yoki dalillarni yo‘q qilish xavfi sabab qilib ko‘rsatilgan.
Tergovga ko‘ra, Botirovga «qimor yoki xavfga asoslangan o‘yinlarni noqonuniy tashkil etish yoki o‘tkazish» ayblovi qo‘yilgan.
Tadbirkorga 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilish jazosi tahdid qilinmoqda.
Botirovning himoyachilari apellyatsiya shikoyati kiritgan, biroq u rad etilgan. Humans ma’lumotiga ko‘ra, sobiq menejer bir necha bor so‘roq qilingan, advokatlar esa ayblovni inkor etuvchi hujjatlarni tergovga topshirgan.
Ishni qo‘zg‘atishga Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) yuborgan so‘rov sabab bo‘lgan. Agentlik internetda lotereyalar va qimor o‘yinlarini tartibga solish uchun mas’ul organ hisoblanadi.
ILMA ma’lumotiga ko‘ra, UPay qonuniy to‘lov tizimi ko‘rinishida qimor o‘yinlari uchun to‘lovlarni qabul qilgan, Botirov esa bu tizimni tashkil etish va boshqarish bilan shug‘ullangan.
Humans kompaniyasi Botirovning hibsga olinishi «ish holatiga nisbatan mutlaqo nisbatsiz va asossiz» ekanini ta’kidladi. Kompaniya vakillarining bildirishicha, bunday iqtisodiy masalalar odatda ma’muriy yoki moliyaviy choralar bilan hal etilishi kerak.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan internetdagi noqonuniy qimor xizmatlari uchun jarimalar belgilangani haqida yozgandi.