
Islom sivilizatsiyasi markazida mutaxassis va gidlar soni ko‘paytiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 20-oktabr kuni markazga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi.
Mazkur markazda Qur’oni karim zali, Usmon Mus’hafi va boshqa nodir qo‘lyozmalar, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband merosi namoyish etilgan.




Bundan tashqari, Bibixonim, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar Otin kabi tarixiy ayollar siymolariga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar ham o‘rin olgan.
Davlat rahbari ushbu markaz faoliyatini mazmunan yanada boyitish, eksponatlarni mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilarga har tomonlama qiziqarli hamda tushunarli qilib taqdim qilish zarurligini qayd etdi. U, shuningdek, markazda ishlaydigan mutaxassis va gidlar sonini ko‘paytirish hamda ularni maxsus dasturlar asosida tayyorlash lozimligini alohida ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev 29-avgust kuni ham ushbu markazga tashrif buyurib, uning yakuniy pardozlash va jihozlash jarayonlarini ko‘zdan kechirgandi.
«O‘zbekiston buyuk tarixga ega. Ajdodlarimiz yaratgan ilmiy va madaniy meros insoniyat sivilizatsiyasida o‘chmas iz qoldirgan. Ushbu markaz bu boylikni dunyo jamoatchiligiga yetkazishda beqiyos ahamiyat kasb etadi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.