NASA SpaceX bilan shartnomani bekor qilishi mumkin

AQShning NASA agentligi SpaceX kompaniyasi bilan $2,9 milliardlik oyga qo‘nish moduli bo‘yicha shartnomani qayta ko‘rib chiqishi yoki bekor qilishi mumkin. Bu haqda agentlik rahbari vazifasini bajaruvchi Shon Daffi CNBC telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Daffining so‘zlariga ko‘ra, SpaceX kompaniyasi ishlab chiqayotgan Starship kemasi loyihasi jadvaldan ortda qolmoqda va bu NASA’ning oyga inson yuborish bo‘yicha rejasini kechiktirishi mumkin.
«Biz Xitoy bilan yangi kosmik poygada ishtirok etyapmiz. Shuning uchun bitta kompaniyani kutib o‘tirmaymiz», — dedi NASA rahbari.
Agar NASA SpaceX bilan shartnomani bekor qilsa, bu 2021-yilda boshlangan Artemida-3 dasturi uchun salbiy o‘zgarish bo‘ladi. Mazkur missiya 2027-yilda amalga oshirilishi va insonning 50 yildan so‘ng ilk bor oyga qaytishini ta’minlashi rejalashtirilgan edi.
NASA hozirda ikki kompaniya bilan ishlamoqda: SpaceX (Starship) va Amazon asoschisi Jef Bezosga tegishli Blue Origin (Blue Moon). Shon Daffi Blue Origin kompaniyasi SpaceX o‘rnini bosishi mumkinligini istisno etmadi. Shu bilan birga, NASA boshqa xususiy kompaniyalarni ham jarayonga jalb etish imkoniyatini o‘rganmoqda.
Ekspertlar Starship va Blue Moon loyihalari murakkab texnologiyalarga asoslanganini, ularning ba’zilari — masalan, orbitada yonilg‘i quyish — hali amalda sinovdan o‘tmaganini ta’kidlashmoqda. Bu esa missiya muddatlarini cho‘zishi mumkin.
Xitoy esa 2030-yilgacha o‘z astronavtlarini Oyga yuborishni rejalashtirmoqda. Shu sabab, NASA uchun vaqt bilan poyga tobora muhimroq bo‘lib bormoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Starlink foydalanuvchilari soni 7,6 milliondan oshgani haqida xabar bergan edi.