Oq uyning bir qismi buzildi

AQSh prezidenti Donald Trampning tashabbusi bilan Oq uyning sharqiy qanotida yangi ball zali qurilishi boshlandi. Qurilish ishlari boshlanganidan so‘ng, sharqiy tomondagi kirish qismi va derazalarning bir qismi buzib tashlandi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, $250 mlnlik loyiha Oq uy binosiga zarar yetkazmaydi va mavjud tuzilmani to‘liq saqlab qolgan holda amalga oshiriladi.
«Bu Oq uyga tegmaydi, yaqin joyda bo‘ladi. Men bu joyni juda yaxshi ko‘raman, bu mening eng sevimli binoyim», — degan edi Tramp iyul oyida.
Prezident o‘z ijtimoiy tarmog‘ida zarur va tarixiy loyiha boshlanganini e’lon qilib, 150 yildan beri prezidentlar katta tantanalar va davlat mehmonlarini qabul qilish uchun bunday zal orzu qilganini ta’kidlagan.

Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, loyiha xususiy mablag‘lar hisobiga moliyalashtirilmoqda, biroq kimlar tomonidan sarmoya kiritilayotgani hozircha oshkor etilmagan.
Sharqiy qanot dastlab 1902-yilda qurilgan, so‘nggi katta o‘zgarish esa 1942-yilda amalga oshirilgan edi. Endilikda bu qismda yuzlab mehmonlarni joylashtira oladigan, oltin lyustralar bilan bezatilgan hashamatli zal qurilishi rejalashtirilgan.
Qurilish ishlarini Clark Construction kompaniyasi olib bormoqda, loyihani McCrery Architects ishlab chiqqan.
Avvalroq AQSh hukumati budjet kelishmovchiligi sababli faoliyatini to‘xtatgani haqida yozgan edi.