Yangiliklar

O‘zbekistonda 16 ta superkompyuter xarid qilinadi

Bunga $50 mln ajratildi
O‘zbekistonda 16 ta superkompyuter xarid qilinadi / Foto: SI yordamida yaratilgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellektni rivojlantirish uchun 16 ta superkompyuter xarid qilishga $50 mln ajratilganini ma’lum qildi. Kelgusi yilda bu mablag‘ ikki baravar oshiriladi.

Davlat rahbari ta’kidlashicha, sun’iy intellekt sohasida raqobatbardosh bo‘lish uchun uch yo‘nalishga — infratuzilma, ochiq ma’lumotlar va kadrlar tayyorlashga e’tibor kuchaytiriladi.

So‘nggi sakkiz yilda 300 ming kilometr optik tolali aloqa tarmoqlari qurildi, aholi punktlarining 99 foizi mobil aloqa bilan qamrab olindi. Shuningdek, katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash uchun 7 ta data-markaz ishga tushirilgan.

Kelgusi yilda sog‘liqni saqlash, energetika, bank-moliya, bojxona-soliq, transport, tog‘-kon va qishloq xo‘jaligi sohalarida sun’iy intellekt bo‘yicha 100 ta loyiha amalga oshiriladi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, mavjud texnik quvvatlar faqat kichik loyihalarni bajarishga yetadi. Shu bois tadbirkorlar o‘z loyihalari uchun chet eldagi infratuzilmadan foydalanishga majbur bo‘lib, bunga millionlab dollar sarflanmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan sun’iy intellektga tayyorgarlik darajasi bo‘yicha xalqaro reytingda 17 pog‘ona yuqorilagani haqida xabar bergan edi.