Yangiliklar

O‘zbekistonda yo‘ldoshli internet, hokimliklarda yangi lavozimlar — 21-oktabrning muhim hodisalari

22-oktabr uchun AQSh valyutasi 12 011.02 so‘m (-49,13 so‘m) etib belgilandi
Hokimlarga yil yakunigacha o‘z hududlarida «Aqlli shahar» tizimini joriy etish topshirildi
21-oktabrning muhim hodisalari Kursiv Uzbekistan materialida. Foto: ijtimoiy tarmoq

O‘zbekistonda 2026-yildan yo‘ldoshli internet operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, hokimliklarda sun’iy intellekt va davlat tiliga oid yangi lavozimlar joriy etiladi — 21-oktabrning muhim hodisalari Kursiv Uzbekistan materialida.

Samarqandga kirish yo‘llari vaqtincha yopiladi

Samarqandda MDH xavfsizlik organlari rahbarlarining 21-majlisi bo‘lib o‘tadi
Samarqandda MDH xavfsizlik organlari rahbarlarining 21-majlisi bo‘lib o‘tadi / Foto: Uzbekistan Travel

Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkazilishi munosabati bilan shaharga kirish vaqtincha cheklanadi. 2025-yil 30-oktabrdan 14-noyabrgacha Samarqand viloyati orqali tranzit tarzda o‘tuvchi transport vositalari uchun aylanma yo‘llar tashkil etiladi. Shu kunlarda shahar markaziga kirish cheklovlari joriy qilinadi.

Hokimliklarda ma’naviyat va davlat tili bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etiladi

Davlat organlarida rahbarning ma’naviyat va davlat tili bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi
Davlat organlarida rahbarning ma’naviyat va davlat tili bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi. Foto: ijtimoiy tarmoq

Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat tilini rivojlantirish va uning nufuzini oshirishga qaratilgan yangi qarorni qabul qildi. Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab respublika darajasidagi davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, viloyat va shahar (tuman) hokimliklarida rahbarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi.

O‘zbekiston banklarida mikroqarz va avtokreditlar bo‘yicha foiz stavkalari qancha

O‘zbekiston banklarida mikroqarz va avtokreditlar bo‘yicha foiz stavkalari qancha. Foto: ijtimoiy tarmoq

20-oktabr holatiga ko‘ra, tijorat banklarida amal qilayotgan mikroqarz va avtokreditlarning so‘nggi 10 ish kuni bo‘yicha foiz stavkalari e’lon qilindi. Mazkur davrda mamlakatdagi tijorat banklari tomonidan taqdim etilayotgan mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 33,1 foizni tashkil qilmoqda. Avtomobil xaridi uchun ajratilayotgan kreditlar bo‘yicha esa o‘rtacha foiz stavkasi 24,3 foizda saqlanib qoldi.

Sun’iy intellekt va kosmos markazlari: IT-parkning ikkinchi bosqichi start oldi

Toshkentda IT-park loyihasining ikkinchi bosqich qurilishiga start berildi
Toshkentda IT-park loyihasining ikkinchi bosqich qurilishiga start berildi. Foto: prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan IT-parkka tashrif buyurib, loyiha ikkinchi bosqichining tamal toshini qo‘ydi. Yangi bosqich doirasida hudud 1,5 barobar kengayadi. Saudiya Arabistonining DataVolt kompaniyasi bilan hamkorlikda 12 megavatt quvvatga ega, $150 millionlik data-markaz quriladi.

Uzbekistan Airways Andijondan Istanbulga aviachiptalar narxini pasaytirdi

Uzbekistan Airways Andijon – Istanbul yo‘nalishida yangi reyslarni yo‘lga qo‘ymoqda
Foto: Uzbekistan Airways

Aksiya bo‘yicha chiptalarni 21-oktabrdan 28-oktabrgacha, sayohat qilishni esa 27-oktabrdan 27-noyabrgacha xarid qilish mumkin. Bir tomonga parvoz narxi 1 815 000 so‘mdan, borish va qaytish esa 3 389 000 so‘mdan boshlanadi.

Hokimlarga yil yakunigacha o‘z hududlarida «Aqlli shahar» tizimini joriy etish topshirildi

Hokimlarga yil yakunigacha o‘z hududlarida «Aqlli shahar» tizimini joriy etish topshirildi
Hokimlarga yil yakunigacha o‘z hududlarida «Aqlli shahar» tizimini joriy etish topshirildi. Foto: ijtimoiy tarmoq

Urganch shahrida «Aqlli shahar» tizimi ishga tushirilgan bo‘lib, u elektr, gaz, suv, issiqlik ta’minoti, transport, obodonlashtirish va chiqindi korxonalarini yagona tizimga birlashtirgan. Tizim sun’iy intellekt asosida fuqarolarning murojaatlarini tahlil qilib, tezkor yechim taklif etadi. Natijada yiliga 16 milliard so‘m mablag‘ tejalmoqda. Shu bois prezident viloyat markazlari va poytaxt tumanlari hokimlariga Urganch tajribasini o‘rganib, uni o‘z hududlarida joriy etishni topshirdi.

Hokimliklarda raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etiladi

Hokimliklarda raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi
Hokimliklarda raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi. Foto: prezident matbuot xizmati

Shahar va tumanlarda hokimlarning raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchisi lavozimi kiritiladi. Shuningdek, endilikda vazirlar va tarmoq rahbarlarining raqamlashtirish uchun mas’ul o‘rinbosarlari sohada sun’iy intellektni rivojlantirishga ham javobgar bo‘ladi.

O‘zbekistonda 16 ta superkompyuter xarid qilinadi

O‘zbekistonda 16 ta superkompyuter xarid qilinadi / Foto: SI yordamida yaratilgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellektni rivojlantirish uchun 16 ta superkompyuter xarid qilishga $50 mln ajratilganini ma’lum qildi. Kelgusi yilda bu mablag‘ ikki baravar oshiriladi. Davlat rahbari ta’kidlashicha, sun’iy intellekt sohasida raqobatbardosh bo‘lish uchun uch yo‘nalishga — infratuzilma, ochiq ma’lumotlar va kadrlar tayyorlashga e’tibor kuchaytiriladi.

O‘zbekistonda 2026-yildan yo‘ldoshli internet operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Yo‘ldoshli internet operatorlari besh yilga yer, mol-mulk, foyda va QQSdan ozod etiladi
Yo‘ldoshli internet operatorlari besh yilga yer, mol-mulk, foyda va QQSdan ozod etiladi. Foto: ijtimoiy tarmoq

Olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash maqsadida kelasi yildan yo‘ldoshli internet operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ular besh yil davomida yer, mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) ozod etiladi.

Oq uyning bir qismi buzildi

Oq uy
Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Trampning tashabbusi bilan Oq uyning sharqiy qanotida yangi ball zali qurilishi boshlandi. Qurilish ishlari boshlanganidan so‘ng, sharqiy tomondagi kirish qismi va derazalarning bir qismi buzib tashlandi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, $250 mlnlik loyiha Oq uy binosiga zarar yetkazmaydi va mavjud tuzilmani to‘liq saqlab qolgan holda amalga oshiriladi.

22-oktabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi

dollar / Курс валют
Foto: Giorgio Trovato / Unsplash

22-oktabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kun uchun AQSh valyutasi 12 011.02 so‘m (-49,13 so‘m) etib belgilandi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 106,54 so‘mga tushib, 13 958,01 so‘mni, rubl esa 0,79 so‘mga pasayib, 148,08 so‘mni tashkil qildi.

Sun’iy intellekt darslari, laboratoriyalari va alyansi — davlat rahbari mutasaddilarga qanday topshiriqlar berdi

Sun’iy intellekt darslari, laboratoriyalari va alyansi — davlat rahbari mutasaddilarga qanday topshiriqlar berdi
Sun’iy intellekt darslari, laboratoriyalari va alyansi — davlat rahbari mutasaddilarga qanday topshiriqlar berdi. Foto: ijtimoiy tarmoq

Prezident Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellektni rivojlantirish uchun malakali kadrlar tayyorlashni maktabdan boshlash zarurligini ta’kidladi. Keyingi o‘quv yilidan informatika faniga sun’iy intellekt mavzulari kiritiladi. Buning uchun Massachusets texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda yangi darslik ishlab chiqiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 20-oktabrning muhim hodisalari haqida xabar bergandi.