Pavel Durov Luvr muzeyidan o‘g‘irlangan taqinchoqlarni sotib olib, qaytarishga tayyorligini bildirdi

Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov Fransiyaning mashhur Luvr muzeyidan o‘g‘irlangan qimmatbaho buyumlarni sotib olib, muzeyga qaytarishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu haqda o‘zining X (sobiq Twitter) sahifasida yozgan.
«O‘g‘irlangan taqinchoqlarni sotib olib, ularni Luvrga qaytaraman. Albatta, men Abu-Dabi Luvrini nazarda tutyapman», — deb hazillashgan Durov. «Axir hech kim Abu-Dabi Luvridan o‘g‘irlik qilmaydi», — deya qo‘shimcha qilgan u.
Durov, shuningdek, Parijdagi Luvrda sodir bo‘lgan o‘g‘irlikni Fransiyaning tanazzulga yuz tutganining belgisi deb atadi. Uning fikricha, bu hodisa ajablanarli emas, chunki Fransiya hukumati o‘z majburiyatlarini bajara olmayapti.
Voqea tafsilotlari
19-oktabr kuni ertalab noma’lum shaxslar sariq ishchi jiletlarda ta’mirlash ishlari bahonasida Apollon galereyasiga kirib, bir necha daqiqada Napoleon kolleksiyasiga tegishli 9 ta taqinchoqni o‘g‘irlab ketgan.
Hozirda o‘g‘irlik bo‘yicha tergov ishlari olib borilmoqda. Luvr muzeyi vakillari muzeyga yetkazilgan zarar yoki jinoyatchilar iziga tushilgan-tushilmagani haqida hozircha ma’lumot bermagan.