
Qozog‘istonning Kostanay shahrida yangi Kia avtomobil yig‘ish zavodi ishga tushdi. Bu haqda Kolesa.kz nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, bu korxonada birinchi bo‘lib budjet toifasidagi Kia Soluto sedani ishlab chiqariladi. Uning narxi taxminan 8 million tenge (ya’ni $14,8 ming) atrofida bo‘ladi. Bu esa uni Chevrolet Cobalt modelining to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchisiga aylantiradi.





Kia Soluto 2025-yil oxirigacha sotuvga chiqarilishi kutilmoqda. Modelning uzunligi 4,3 metr, g‘ildirak bazasi esa 2,57 metrni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Lada Grantadan biroz kattaroq.
Avtomobil 1,4 litr hajmdagi 95 ot kuchiga ega benzin dvigateli va klassik 4 pog‘onali avtomatik uzatma bilan jihozlanadi.





Kia Qozog‘iston zavodining loyihaviy quvvati yiliga 70 mingta avtomobilni tashkil etadi. Korxona nafaqat ichki bozor uchun, balki Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) davlatlariga ham mashinalar yetkazib beradi.
Ma’lum qilinishicha, Kia 2026-yilda Qozog‘iston va Xitoyda ishlab chiqarilgan mashinalar bilan mamlakat ichki bozoriga qaytishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzAuto Motors taqdim etadigan yangi Chevrolet Cobalt haqida nimalar ma’lumligini yozgandi.