Samarqandda Markaziy Osiyo mudofaa rahbarlari muloqot o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-leytenant Shuxrat Xalmuxamedov uchrashuv doirasida Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston mudofaa vazirlari bilan alohida muloqotlar olib bordi.

Suhbatlarda harbiy sohadagi o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, qo‘shma tayyorgarlik tizimini takomillashtirish, tajriba almashish hamda mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvning bosh maqsadi — Markaziy Osiyo hududida tinchlik, barqarorlik va o‘zaro birdamlikni ta’minlashga xizmat qiluvchi amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishdir. Do‘stona muhitda o‘tgan muloqotlar davlatlar o‘rtasidagi ishonchni yanada oshirishga, mintaqada tinchlik va barqaror taraqqiyot sari yangi qadamlar tashlashga zamin yaratdi.

Shuningdek, tomonlar harbiy va harbiy-texnik yo‘nalishlardagi hamkorlikni kengaytirish, xalqaro terrorizmga qarshi kurashda birlashgan yondashuvni kuchaytirish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash hamda davlatlararo ishonchli hamkorlikni mustahkamlash masalalarida kelishuvlarga erishdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Afg‘oniston va Pokiston Doha shahrida doimiy o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida xabar bergan edi.