
Avtomobil savdosi onlayn bozorlardan ko‘ra an’anaviy bozorlarda faol kechadi. Bu jarayon modellarning texnik imkoniyatlari va kamchiliklarini real ko‘rish imkonini taqdim etadi. Kursiv Uzbekistan muxbiri Sergeli avtomozoridagi avtomobillar narxlari hamda bozordagi jarayon bilan tanishdi.
Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:
- Chevrolet Cobalt qanday narxda sotilmoqda;
- Gentra uchun talab qanday;
- Nexia 3 savdosi
- Chevrolet Onix qanday narxda sotilmoqda;
- Damas va Wuling savdosi;
- Xorijiy brendlarga tegishli avtomobillar.
Chevrolet Cobalt — eng talabgir budjet avtomobil
Cobalt bozorda hanuz eng ko‘p so‘ralayotgan avtomobillardan biri bo‘lib qolmoqda. Model qulaylik, tejamkorlik va ishonchliligi bilan xaridorlarni o‘ziga tortmoqda.





№ | Yil | Uzatma turi | Yurgan masofa | Gaz baloni | Narx | Shartlar |
---|---|---|---|---|---|---|
1 | 2024 | avtomat | — | metan | $12 250 | naqd yoki bo‘lib to‘lash |
2 | 2014 | mexanika | 204 000 km | — | $9 000 | naqd |
3 | 2025 | avtomat | yangi | — | $13 500 | naqd yoki bo‘lib to‘lash |
4 | 2022 | avtomat | 50 000 km | — | $12 800 | boshlang‘ich to‘lov $3 200 |
2022-yilda ishlab chiqarilgan modelga boshlang‘ich to‘lov $3,2 mingni tashkil etadi. Qolgan qismi esa besh yilgacha bo‘lgan muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi.
Oylik to‘lov:
- 3 yilga — 4,77 mln so‘m;
- 4 yilga — 3,94 mln so‘m;
- 5 yilga — 3,46 mln so‘m.
Avtomobil xaridor nomiga rasmiylashtiriladi, ammo to‘lov to‘liq yakunlanguncha bank garovida qoladi.
Gentra
Chevrolet Gentra ishlab chiqarilishi 2024-yil 26-iyulda to‘xtatilgan bo‘lsa-da, bozordagi talab pasaygani yo‘q. Xaridorlar uni keng salon, yumshoq yurishi va ishonchli osma tizimi uchun qadrlashadi.




№ | Yil | Uzatma turi | Yurgan masofa | Gaz baloni | Narx | Shartlar |
---|---|---|---|---|---|---|
1 | 2021 | avtomat | 70 000 km | metan | $11 500 | naqd |
2 | 2019 | avtomat | 180 000 km | metan | $9 700 | naqd |
3 | 2020 | mexanika | 90 000 km | metan | $10 000 | naqd |
4 | 2023 | avtomat | 7 500 km | — | $13 000 | bo‘lib to‘lash |
Bo‘lib to‘lash shartlari (2023-yil modeli uchun):
- 3 yilga — 7,91 mln so‘m;
- 4 yilga — 6,67 mln so‘m;
- 5 yilga — 5,96 mln so‘m.
Nexia 3 narxlari
Ishlab chiqarilishi to‘xtagan Nexia 3 O‘zbekiston bozorida hamon eng budjetli sedan sifatida o‘z mavqeyini saqlab turibdi. U tejamkorligi va texnik soddaligi sababli yangi haydovchilar va taksoparklar orasida mashhur.




Yil | Uzatma turi | Yurgan masofa | Gaz baloni | Narx | Shartlar |
---|---|---|---|---|---|
2022 | avtomat | 40 000 km | metan | $11 500 | naqd yoki bo‘lib to‘lash |
2020 | mexanika | 30 000 km | — | $9 800 | naqd |
2018 | mexanika | 54 000 km | — | $8 800 | naqd |
Bundan tashqari, 2018-yilda ishlab chiqarilgan va 100 ming km yurgan Nexia 3 $5,9 ming narxda taklif etilmoqda.
Chevrolet Onix savdosi
Yangi avlod Chevrolet Onix modeli tez sur’atda mashhurlikka erishmoqda. U zamonaviy tashqi ko‘rinish, past yonilg‘i sarfi va yuksak xavfsizlik tizimi bilan ajralib turadi.




Yil | Uzatma turi | Yurgan masofa | Narx |
---|---|---|---|
2025 | mexanika | yangi | $16 100 |
2025 | avtomat | 7 000 km | $17 000 |
2024 | avtomat | 25 000 km | $15 500 |
Damas va Wuling uchun talab qanday
Bozorda Damas modeli hanuz kichik biznes egalari va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar uchun eng mashhur variantlardan biri.




Yil | Uzatma turi | Yurgan masofa | Gaz baloni | Narx | Shartlar |
---|---|---|---|---|---|
2024 | mexanika | yangi | — | $6 700 | naqd |
2024 | mexanika | 24 000 km | metan | $7 700 | naqd |
2024 | mexanika | 5 400 km | metan | $7 100 | naqd |

Shuningdek, Wuling yangi holatda 120–130 mln so‘m oralig‘ida sotilmoqda.
Tracker, Equinox va Malibu — mahalliy premium segment
O‘zbekiston avtomobil sanoatida yuqori toifadagi modellar ham e’tiborni tortmoqda.




Model | Yil | Yurgan masofa | Narx |
---|---|---|---|
Tracker | 2021 | 149 000 km | $14 700 |
Equinox | 2023 | 10 000 km | $35 000 |
Malibu 2 | 2022 | 40 000 km | $24 000 |
Ularning barchasi avtomatik uzatma bilan jihozlangan.
Bozorda xorijiy brendlar
Sergeli avtobozorida endi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan xorijiy brendlar ham xaridor topmoqda. Bu avtomobillar zamonaviy texnologiyalar, gibrid yoki elektr tizimlari hamda qulay servis xizmati bilan ajralib turadi.




Masalan:
- BYD Qin Plus DM-i (2024, 10 ming km) — $19 500;
- KIA Sorento (2023, 10 ming km) — $35 000;
- Leapmotor C11 (2023, elektr, 10 ming km) — $21 300, mavjud ijaraga olish imkoniyati bilan.
Bozor holati — o‘tgan yilga nisbatan o‘zgarishlar
So‘nggi bir yil ichida bozorda bo‘lib to‘lash asosida sotiladigan avtomobillar soni sezilarli oshgan. Endilikda ko‘plab mashinalar vositachilar orqali sotilmoqda. Ular yangi avtomobillarni yetkazib beruvchilardan xarid qilib, yuqoriroq narxda qayta sotishmoqda.
Ko‘plab avtomobillarda boshlang‘ich to‘lov miqdori va telefon raqami ko‘rsatilgan reklama yozuvlari joylashgan. Bu esa bozorda xususiy sotuvchilar sonining kamayganini, o‘rniga avtosalon va vositachi kompaniyalar faoliyati kuchayganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chevrolet Cobalt avtomobilini ustaxonada yangilash qanchaga tushishi haqida yozgan edi.