Yangiliklar

Sun’iy intellekt darslari, laboratoriyalari va alyansi — davlat rahbari mutasaddilarga qanday topshiriqlar berdi

Massachusets texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda yangi darslik ishlab chiqiladi
Sun’iy intellekt darslari, laboratoriyalari va alyansi — davlat rahbari mutasaddilarga qanday topshiriqlar berdi
Sun’iy intellekt darslari, laboratoriyalari va alyansi — davlat rahbari mutasaddilarga qanday topshiriqlar berdi. Foto: ijtimoiy tarmoq

Prezident Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellektni rivojlantirish uchun malakali kadrlar tayyorlashni maktabdan boshlash zarurligini ta’kidladi.

Keyingi o‘quv yilidan informatika faniga sun’iy intellekt mavzulari kiritiladi. Buning uchun Massachusets texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda yangi darslik ishlab chiqiladi.

Yangi O‘zbekiston universitetida esa bu yil 100 nafar, kelasi yilda esa 1 300 nafar o‘qituvchi sun’iy intellekt bo‘yicha tayyorlanadi. Ular maktab va oliygohlarda informatika fanini o‘qituvchi ustozlarni qayta tayyorlaydi.

Shuningdek, «Bir million sun’iy intellekt yetakchisi» loyihasi boshlandi — bu yil 100 ming, kelasi yilda esa kamida 500 ming yosh o‘qitiladi. Har yili o‘tkaziladigan milliy tanlovda:

  • 500 nafar yosh – noutbuk;
  • 100 nafar o‘qituvchi – $1 ming;
  • 2 ta ta’lim muassasasi – elektromobil bilan mukofotlanadi.

Oliygohlarda sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi

Davlat rahbari oliygohlarda sun’iy intellekt laboratoriyalari yo‘qligini tanqid qilib, bu borada aniq topshiriqlar berdi.

Keyingi o‘quv yiliga qadar 10 ta oliy ta’lim muassasasi zamonaviy sun’iy intellekt laboratoriyalari bilan jihozlanadi. Shuningdek, banklar tomonidan yana to‘qqizta laboratoriya tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Yangi O‘zbekiston universitetida sun’iy intellekt klasteri ishga tushadi, Top-300 talikdagi xorijiy universitetlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, oliygohlarda sun’iy intellekt, fintex, kiberxavfsizlik, IT muhandislik, aerokosmik va bulutli texnologiyalar yo‘nalishlari uchun davlat granti kvotalari 35 foizga oshiriladi. Shuningdek, «Sun’iy intellekt bo‘yicha eng yaxshi startap» tanlovi o‘tkaziladi va g‘oliblar uchun $1 millionlik mukofot jamg‘armasi ajratiladi.

«Sun’iy intellekt alyansi» tashkil etiladi

Shavkat Mirziyoyev ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, «Sun’iy intellekt alyansi» tashkil etilishini ma’lum qildi. Alyans tarkibiga yetakchi kompaniyalar, xorijiy ekspertlar, vatandosh mutaxassislar, yirik davlat korxonalari, banklar va oliygohlar kiradi.

Alyansning asosiy vazifasi — xalqaro ilmiy markazlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, mahalliy loyihalarni targ‘ib etuvchi media-kontent yaratish hamda mutaxassislarning xalqaro ko‘rgazma va forumlardagi ishtirokini ta’minlashdan iborat bo‘ladi.

2026-yil yakuniga qadar Data Lake platformasi ishga tushadi

Davlat rahbari o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 36 yil to‘lishi munosabati bilan mutasaddilarga bir qator topshiriqlar berdi. Jumaladan:

  • Vazirlar Mahkamasiga barcha ma’lumotlarni elektron formatga o‘tkazish grafigini tasdiqlash topshirildi.
  • Raqamli texnologiyalar vazirligiga esa sun’iy intellekt milliy madaniyat va qadriyatlarni o‘zida ifodalay olishi uchun «O‘zbek tili korpusi»ni yaratish vazifasi yuklatildi.
  • Shuningdek, mutasaddilarga 2026-yil yakuniga qadar katta hajmdagi raqamli ma’lumotlarni jamlash va tahlil qilish imkonini beradigan Data Lake platformasini ishga tushirish vazifasi ham qo‘yildi.

Avvalroq olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash maqsadida 2026-yildan yo‘ldoshli internet operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar qilingandi. Unga ko‘ra, ushbu operatorlar besh yil davomida yer, mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) ozod etiladi.