Yangiliklar

Sun’iy intellekt va kosmos markazlari: IT-parkning ikkinchi bosqichi start oldi

Yangi bosqich doirasida $150 millionlik data-markaz quriladi
Toshkentda IT-park loyihasining ikkinchi bosqich qurilishiga start berildi
Toshkentda IT-park loyihasining ikkinchi bosqich qurilishiga start berildi. Foto: prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan IT-parkka tashrif buyurib, loyiha ikkinchi bosqichining tamal toshini qo‘ydi.

Avval $200 million investitsiya evaziga to‘rt gektar maydonda oltita ofis binosi va kongress-xoll barpo etilgan edi. Hozir IT-parkda uch mingdan ortiq kompaniyalar va 14 mingdan ziyod mutaxassislar faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda park rezidentlari tomonidan $2,5 milliardlik xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan, eksport esa ilk bor $1 milliarddan oshadi.

Yangi bosqich doirasida hudud 1,5 barobar kengayadi. Saudiya Arabistonining DataVolt kompaniyasi bilan hamkorlikda 12 megavatt quvvatga ega, $150 millionlik data-markaz quriladi. Kelgusida yana $3 milliard investitsiya kiritilib, quvvat 500 megavattga yetkaziladi.

Shuningdek, bu yerda Sun’iy intellekt markazi, Kosmos va kelajak texnologiyalari markazlari, 20 qavatli ofis binolari hamda servis va savdo markazlari bunyod etiladi.

Avvalroq IT Park rezidentlari uchun yangi to‘lov va reklama tizimi joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Yangi tizim xalqaro savdo va investitsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, chet el hamkorligini rivojlantirish hamda to‘lovlarni qulaylashtirishga qaratilgan. To‘lovlar eksport tushumlari doirasida amalga oshiriladi va $500 mingdan oshmasligi kerak.