Toshkentda Germaniya tibbiyot akademiyasi ochildi

Abu Ali ibn Sino nomidagi 1-son respublika jamoat salomatligi texnikumi bazasida Germaniya tibbiyot akademiyasi ish boshladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha Migratsiya agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Germaniyaning Aaxen universitet klinikasi hamda Shveysariyaning Globogate Concept AG kompaniyasi hamkorligida amalga oshirildi.
Mazkur akademiya o‘rta bo‘g‘in tibbiyot mutaxassislarini Germaniya standartlari asosida tayyorlashni, ularning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashni hamda mehnat migratsiyasi uchun yangi imkoniyatlar yaratishni maqsad qilgan.
Akademiya bitiruvchilari Germaniya va O‘zbekiston tomonidan tan olingan diplomga ega bo‘lib, Germaniyada hamshira sifatida ishlash imkoniga ega bo‘ladi.
Avvalroq o‘zbekistonlik hamshiralar Germaniyaga ishga taklif qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, Migratsiya agentligi Germaniyaning «RecruitMed GmbH & Co. KG» kompaniyasi bilan hamkorlikda hamshiralar uchun Germaniyada ishga joylashish imkoniyatini taqdim etmoqda.
Dastur orqali 50 nafar hamshira Germaniyada ish bilan ta’minlanadi. Boshlang‘ich oylik 2800 yevro bo‘lib, yashash va ovqatlanish xarajatlari nomzodning o‘z hisobidan to‘lanadi. Malaka tan olinganidan keyin ish haqi 3300 yevroga oshiriladi.