Avto

Xitoyda yangi Zeekr 7X oldindan buyurtmaga chiqdi

Model uchta versiyada taqdim etildi
Foto: Zeekr

Xitoyning Zeekr brendi yangi avlod elektr krossoveri – Zeekr 7X modelini oldindan buyurtmaga taqdim etdi. Bu haqda Carnews China nashri xabar berdi.

Yangi avtomobil kuchliroq dvigatel, kattaroq batareya va zamonaviy 900V platforma bilan jihozlangan.

Model uchta versiyada taqdim etildi:

  • 75 kVt·soat RWD Max — 496 ot kuchi, 0 – 100 km/soat tezlanish 5,4 soniya, 620 km yurish masofasi;
  • 103 kVt·soat RWD Max — 496 ot kuchi, 5,1 soniyada 100 km/soat tezlikka chiqadi, 802 km masofani bosib o‘tadi;
  • 103 kVt·soat AWD Ultra — 784 ot kuchi, ikki dvigatel, 2,98 soniyada 100 km/soatga chiqadi, 715 km yurish masofasi.

Oldindan buyurtma bergan mijozlar 2 ming yuan (taxminan $281) depozit to‘lab, 7 ming yuan ($982) chegirmaga ega bo‘ladi. Modelning rasmiy taqdimoti 20-oktabr kuni Xitoyda bo‘lib o‘tdi.

Zeekr 7X barcha komplektatsiyalarda Geely’ning G-Pilot H7 haydovchi yordam tizimi bilan ta’minlangan. Tizim 31 ta sensor orqali boshqariladi va Nvidia Drive Thor-U chipi (700 TOPS) asosida ishlaydi.

Ushbu tizim avtomobilga avtonom boshqaruv, shahar va trassa bo‘ylab navigatsiya, hamda xarita talab qilmaydigan NOA (Navigate on Autopilot) funksiyalarini taqdim etadi.

900V texnologiyali platforma yordamida avtomobil 10 daqiqada 10 foizdan 80 foizgacha quvvatlanadi.

Foto: Zeekr

O‘lchamlari o‘tgan modelga o‘xshash — 4825×1930×1666 mm, g‘ildirak bazasi 2925 mm, og‘irligi esa 2,28-2,47 tonna atrofida.

Avtomobil 7 xil tashqi rang bilan taqdim etiladi. Salon ichida 15,05 dyuymli markaziy ekran, 13,02 dyuymli raqamli panel, tekis pastki rul va binafsha-to‘q sariq dizayn joy olgan.

Foto: Zeekr

Orqa qismda 355 mm oyoq tayanchi, -6°C dan +50°C gacha ishlovchi mini sovitkich, maxfiy oynalar va orqa stolchalar mavjud.

Salon hajmi 905 litr, orqa o‘rindiqlarda esa 1187 mm bo‘sh joy va 40 ta saqlash joyi mavjud.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Zeekr 2026-yilda 001 modeli ishlab chiqarilmasligiga oid xabarlarga izoh bergani haqida yozgandi.