Yangiliklar

XVJ 2030-yilga borib global davlat qarzi YaIMning 100 foizidan oshishini taxmin qilmoqda

xvj
2029-yilga borib global qarz YaIMning 123 foiziga yetishi mumkin
Ozod qilingan shaxslarga bir martalik nafaqa belgilanadi
Foto: Ijtimoiy tarmoq

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ)ning yangi hisobotiga ko‘ra, 2030-yilga kelib dunyo davlatlarining qarzi yalpi ichki mahsulot (YaIM)ning 100 foizidan oshib ketishi mumkin.

Bu ko‘rsatkich Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yuqori daraja bo‘lishi taxmin qilinmoqda, deb yozadi Bloomberg.

Unga ko‘ra, qarzlarni qaytarish xarajatlarining oshishi, mudofaa sohasiga yo‘naltirilgan mablag‘lar ko‘payishi hamda aholi qarishi davlat byudjetlariga katta bosim o‘tkazmoqda.

Jamg‘arma bayonotida qayd etilishicha, yuqori defitsit va qarz darajasi, shuningdek, soliq daromadlariga nisbatan xarajatlarning ortishi davlat qarzining yanada o‘sishiga olib keladi. Bu esa iqtisodiy barqarorlik va moliyaviy tizim uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, agar hozirgi tendensiyalar saqlanib qolsa, 2029-yilga borib global qarz YaIMning 123 foiziga yetishi mumkin.

XVJ shuningdek, COVID-19 pandemiyasi va jahondagi moliyaviy inqiroz davrida arzon kreditlar davri yakunlanganini ta’kidlagan. Endilikda qarz bo‘yicha to‘lovlar davlat byudjetlari uchun tobora og‘ir yukka aylanmoqda.

«Jahon bozorlarida foiz stavkalari keskin oshdi, ularning kelgusi o‘zgarishi esa hozircha noaniq», – deyiladi hisobotda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat xarajatlarining katta qismi ish haqi to‘lovlariga sarflanmoqda: rivojlangan mamlakatlarda o‘rtacha 25 foiz, rivojlanayotgan davlatlarda esa 28 foiz.

Avvalroq «Kursiv» nashri XVJ 2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,8 foizga o‘sishini aytgani haqida yozgandi.