Anthropic va Google o‘rtasida o‘nlab milliard dollarlik muzokaralar boshlandi

eʼlon qilindi
Bu kelishuv Google Cloud platformasi orqali hisoblash quvvatlarini taqdim etishni o‘z ichiga oladi
Foto: The Indian Express

Anthropic kompaniyasi Google bilan o‘nlab milliard dollarlik bulutli infratuzilma bitimi yuzasidan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, bu kelishuv Google Cloud platformasi orqali hisoblash quvvatlarini taqdim etishni o‘z ichiga oladi.

Reja hozircha dastlabki bosqichda, ammo manbalarga ko‘ra, gap o‘nlab milliard dollar miqdoridagi bitim haqida ketmoqda. Google ilgariroq Anthropic’ga $3 mlrd sarmoya kiritgan bo‘lib, yangi bitim hamkorlikni yanada chuqurlashtiradi.

Bozor darhol bunga javob berdi

Bozorda Alphabet aksiyalari 2,3 foizga oshgan, Amazon esa 1,1 foizga pasaygan. Mutaxassislar bu holatni Google’ning sun’iy intellekt (SI) infratuzilmasidagi mavqeyini mustahkamlashi, Amazon esa o‘zining muhim mijozlaridan birini yo‘qotish xavfi bilan izohlamoqda.

Anthropic hozirda eng tez o‘sayotgan sun’iy intellekt kompaniyalaridan biri bo‘lib, 2025-yilda yillik daromadini $9 mlrdga yetkazishni rejalashtirgan. Uning Claude modeli OpenAI’ning GPT tizimiga raqobatchi sanaladi.

Amazon hozirga qadar Anthropic’ga $8 mlrd sarmoya kiritgan va kompaniya AWS infratuzilmasidan foydalanmoqda. Ammo yangi bitim amalga oshsa, Anthropic ko‘proq Google Cloud’dan foydalanadi, bu esa AWS’ning pozitsiyasiga zarba bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, bu raqobat SI infratuzilmasining kimga tegishli bo‘lishi borasidagi global poyganing bir qismidir. Google, Amazon va Microsoft kabi gigantlar endilikda SI bozorining barcha bosqichlarini – modeldan tortib ilovagacha egallashga harakat qilmoqda.

Anthropic yaqinda $13 mlrd investitsiya jalb qilgan bo‘lib, kompaniya qiymati $183 mlrdga baholanmoqda. Endi u Google bilan yangi bitim orqali SI hisoblash quvvatlari bozorida o‘z mavqeyini yanada mustahkamlashi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Google AQShdan tashqaridagi eng yirik SI markazini Hindistonda qurishi haqida yozgandi.

Shuningdek