Apple aksiyalari iPhone 17 sotuvi sababli o‘sdi

Apple kompaniyasining aksiyalari yangi tarixiy cho‘qqiga chiqdi. 20-oktabr kuni kompaniya aksiyalari narxi 6,35 foizga oshib, $264,22 darajasiga yetdi. Bu haqda The Telegraph xabar bermoqda.
Narxning keskin oshishiga iPhone 17 modelining kuchli sotuvi sabab bo‘lgan. Counterpoint Research ma’lumotiga ko‘ra, yangi iPhone AQSh va Xitoy bozorlarida taqdim etilganidan keyingi dastlabki 10 kun ichida iPhone 16 ga nisbatan 14 foiz ko‘proq sotilgan.
Tahlil kompaniyasi Loop Capital Apple aksiyalarini «hold» darajasidan «buy» (sotib olish tavsiyasi) darajasiga ko‘tardi. Evercore ISI ham Apple’ni o‘zining taktik yuqori o‘sish ro‘yxatiga kiritdi va bu yilgi sotuvi oddiy yangilanish davridan ko‘ra kattaroq trend bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, yil boshida Apple aksiyalari 31 foizga tushib ketgan edi. Bunga prezident Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan Xitoyga nisbatan yangi tariflar sabab bo‘lgan. Biroq kompaniya so‘nggi oylar ichida tiklanib, aksiyalarining umumiy yillik o‘sishi 5,35 foizni tashkil etmoqda.
Apple aksiyalarining o‘sishi Nasdaq indeksini 1,36 foizga, S&P 500ni 0,96 foizga, Dow Jones indeksini esa 0,83 foizga oshirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Apple M5 MacBook Pro haqida yozgan edi.
Yangi MacBook Pro Apple M5 chipi bilan ta’minlanadi. Bu chip avvalgi M4’ni almashtiradi. M5 TSMC’ning 3-nanometrli texnologiyasi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, tezlik va energiya samaradorligini sezilarli oshiradi.
MacBook Pro’dagi M5 versiyasi 10 yadroli bo‘lishi kutilmoqda. Bu hozirgi M4 MacBook Pro’dagi darajaga teng, ammo tezlikda ustunlik beradi.