Apple iPhone Air ishlab chiqarishni keskin kamaytirmoqda

22-oktabr 2025 22:40 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
iPhone Air sotuvlari
iPhone Air sotuvlari kutilganidan past bo‘ldi / Foto: iPhone

Apple kompaniyasining yangi iPhone Air modeli kutilganidek savdo ko‘rsatkichlariga erishmadi. Nikkei manbalariga ko‘ra, kompaniya ushbu model ishlab chiqarilishini «radikal tarzda» qisqartirmoqda.

Bunga sabab modelga bo‘lgan talabning nihoyatda pastligi, hatto «deyarli yo‘qligi» aytilmoqda.

Shu bilan birga, Apple boshqa iPhone modellarini ishlab chiqarishni, aksincha, ko‘paytirmoqda. Rasmiy raqamlar keltirilmagan bo‘lsa-da, Counterpoint tahliliga ko‘ra, AQSh va Xitoy bozorlarida iPhone Air sotuvlarning atigi 3 foizini tashkil qilgan. Shu bilan birga, Xitoyda hali savdolar boshlanmagani inobatga olinmoqda.

Tahlilchilarning fikricha, iPhone Air savdolari iPhone 16 Plus ko‘rsatkichlaridan biroz yuqori bo‘lsa-da, Apple ancha yuqori natija kutgan. Bundan tashqari, bu raqamlar faqat AQSh va Xitoy bozorlariga tegishli bo‘lib, global sotuvlar haqida to‘liq tasavvur bermaydi.

Mutaxassislar bu vaziyatdan kelib chiqib, iPhone Air modelining vorisi chiqmasligi mumkinligini taxmin qilmoqda, biroq bu haqda hozircha aniq aytish erta.

Eslatib o‘tamiz, $1000 narxdagi iPhone Air bir qator jihatlarda bazaviy iPhone 17 modelidan ortda qoladi – unda faqat bitta dinamika, bitta kamera va kichikroq sig‘imli akkumulyator mavjud.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple aksiyalari iPhone 17 sotuvi sababli o‘sgani haqida yozgandi.

Shuningdek