Kaspiy tubidan o‘tuvchi aloqa liniyasi O‘zbekistonni Yevropaga bog‘laydi

eʼlon qilindi
DataVolt va O‘zbekiston: $5 milliardlik raqamli hamkorlik sari
Kaspiy tubidan o‘tuvchi aloqa liniyasi O‘zbekistonni Yevropaga bog‘laydi
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekiston Kaspiy dengizi ostidan o‘tuvchi optik aloqa liniyasiga ulanish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu tashabbus mamlakatning xalqaro raqamli infratuzilmasini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, DataVolt kompaniyasi tomonidan ilgari surilmoqda.

«Bugun barcha ma’lumotlar Yevropa orqali o‘tmoqda. Biz esa Qozog‘iston va Ozarbayjon orqali Kaspiy ostidan o‘tuvchi liniyaga ulanishni maqsad qilganmiz. Bu loyiha O‘zbekiston uchun strategik jihatdan muhim — u aloqa xavfsizligini mustahkamlab, iqtisodiy foyda keltiradi», — dedi DataVolt ijrochi direktori Rajit Nanda.

Uning ta’kidlashicha, bu yo‘nalish mamlakat uchun milliardlab daromad manbai bo‘lishi, shuningdek, raqamli iqtisodiyotning rivojlanishini tezlashtirishi mumkin. DataVolt 2024-yilning may oyida O‘zbekistonda 10 MVt quvvatga ega ma’lumotlar markazini qurishni boshlagan.

Kompaniya 2030-yilgacha mamlakatdagi loyihalarga 5 milliard dollargacha sarmoya kiritishni rejalashtirgan. Hozirda esa Toshkentdagi IT Parkda 12 MVt quvvatli yangi markazni ishga tushirish ishlari yakunlanmoqda. Shu bilan birga, DataVolt Oracle va Amazon kabi texnologiya gigantlari bilan hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirgan.

Toshkentda Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanuvchi «yashil» ma’lumotlar markazi qurilmoqda. 15-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev DataVolt va Saudiya Arabistonining boshqa yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

U Yangi Toshkent va Buxoro shaharlarida shunga o‘xshash loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Davlat rahbari TXIF-2024 forumidagi nutqida DataVolt bilan hamkorlikda «yashil» ma’lumotlar markazi barpo etilishini ta’kidlab, bu tashabbus O‘zbekistonda IT sohasini transformatsiya qilishning muhim bosqichi ekanini qayd etdi.

Avgust oyida Qozog‘iston va Ozarbayjon Kaspiy dengizi tubi bo‘ylab Aktau–Sumgait yo‘nalishida uzunligi 380 kilometr bo‘lgan optik tolali aloqa liniyasi qurilishini boshlanganini e’lon qilgandi. Liniya mintaqada raqamli infratuzilmani rivojlantirish, ma’lumot uzatish xavfsizligini oshirish hamda yirik texnologik kompaniyalarni jalb etish imkonini beradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellektni rivojlantirish uchun malakali kadrlar tayyorlashni kerakligini ta’kidlagani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek