Kino va seriallar

Kuzda tomosha qilishga arziydigan eng yaxshi filmlar

Kursiv Uzbekistan kuzgi kayfiyat baxsh etadigan eng yaxshi 10 ta filmni saraladi
Kuzda tomosha qilishga arziydigan eng yaxshi filmlar
Kuzda tomosha qilishga arziydigan eng yaxshi filmlar. Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Kuz – salqin havo, to‘kilayotgan barglar, derazaga urilayotgan yomg‘ir tomchilari va iliq his-tuyg‘ular fasli. Bu paytda deraza oldida, qo‘lda issiq qahva yoki choy bilan yaxshi film tomosha qilishning o‘zi ajoyib hissiyot beradi. Quyida Kursiv Uzbekistan kuzgi kayfiyat bag‘ishlaydigan eng yaxshi 10 ta filmni saraladi.

Ushbu maqola orqali quyidagi filmlar haqida bilib olasiz:

«Qinidan chiqqan pichoqlar» (Knives out, 2019)

Knives Out (2019 Movie) Official Trailer — Daniel Craig, Chris Evans, Jamie Lee Curtis

Janr: detektiv, komediya, drama, kriminal;
Rejissor: Rayan Jonson;
Bosh rollarda: Deniel Kreyg, Ana de Armas, Kris Evans, Jeymi Li Kertis, Maykl Shenon, Don Jonson;
Mamlakat: AQSh.

Film yozuvchi Harlan Trombi 85 yilligini katta oila davrasida nishonlayotgani bilan boshlanadi. Ammo tongda uni o‘z xonasida o‘lik holda topishadi. Dastlab bu o‘z joniga qasd deb taxmin qilinadi, lekin sirli holatlar va g‘alati tafsilotlar detektiv Benua Blanning diqqatini tortadi. U har bir oila a’zosini so‘roq qila boshlaydi — kimdir o‘zini beozor tutadi, kimdir sir saqlaydi, kimdir esa haqiqatni yashirishga urinadi.

Film klassik ingliz detektiv an’analarini eslatadi – Agata Kristi ruhidagi muhit, hashamatli eski uy, to‘kilgan kuzgi barglar va sirli yuzlar. Har bir sahna diqqat bilan qurilgan, kadrlar esa nafaqat syujet, balki kayfiyatni ham boyitadi.

Ushbu filmni mover.uz, uzmovi.tv, uzbeklar.biz, asilmedia.org saytlarida o‘zbek tilida tomosha qilish mumkin.

«Timoti Grinning g‘aroyib hayoti» (The odd life of Timothy Green, 2012)

Disney's The Odd Life of Timothy Green | Official Trailer

Janr: fantastika, drama;
Rejissor: Piter Xedjes;
Bosh rollarda: Jennifer Garner, Joel Edgerton, Djey Adams, Odeya Rash;
Mamlakat: AQSh.

Film Walt Disney Pictures studiyasi tomonidan suratga olingan va ko‘plab tanqidchilar tomonidan «yosh tomoshabinlar uchun eng samimiy va ma’noli fantastika» deb baholangan. U ko‘p yillik urinishlardan so‘ng, Sindi va Jim Grin farzandli bo‘lish umidini butunlay yo‘qotishi bilan boshlanadi. Bir kuni ular yurakdagi armonlarini qog‘ozga yozib, «bizning orzudagi farzandimiz shunday bo‘lardi» degan so‘zlar bilan har bir sifatni yozishadi — mehribon, halol, sodiq, orzuga to‘la. So‘ng bu qog‘ozlarni yog‘och sandiqchaga solib, hovlida ko‘mishadi.
Ertasiga kutilmaganda yomg‘ir yog‘adi, bo‘ron esadi va ertalab ular uyida loydan chiqib kelgan g‘alati, ammo mehrga to‘la kichik bola — Timotini topishadi. U o‘zini «sizning o‘g‘lingizman» deb tanishtiradi.

Filmni o‘zbek tilida uzmovi.tv, asilmedia.org, uzbeklar.biz saytlarida tomosha qilish mumkin.

«Kichkina xonimlar» (Little women, 2019)

Маленькие женщины – трейлер

Janr: drama, melodrama;
Rejissor: Greta Gervig;
Rollarda: Sirsha Ronan, Emma Watson, Florens Pyu, Elayza Skanlen, Lora Dern, Timoti Shalame;
Mamlakat: AQSh.

Ba’zan hayotning eng chiroyli hikoyalari sokinlik, sabr va orzular bilan yoziladi. «Kichkina xonimlar» – aynan shunday hikoya. Filmda XIX asr Amerikasi fonida yashayotgan March oilasi bilan tanishiladi. Ular oddiy, ammo mehr va orzuga to‘la insonlar. Otasi urushda, onasi esa oilasini birlashtirib turish uchun kurashmoqda. To‘rt qiz – har biri o‘z yo‘lini topmoqchi:

  • Jo yozuvchi bo‘lishni orzu qiladi va jamiyat qoidalariga bo‘ysunmaydi,
  • Meg muhabbat va tinch hayot orzusida,
  • Amy Parijga yo‘l olib, rassomlikni o‘rganadi,
  • Beth esa musiqa orqali ichki olamini ifoda etadi.

Greta Gervig klassik asarni zamonaviy ruhda qayta talqin qilgan, shu sababli bu film nafaqat tarixiy, balki zamonaviy ayolning kuchi, erkinligi va mehrini ulug‘laydi.

Ushbu filmni m.ok.ru, uzbeklar.biz va asilmedia.org saytlarida o‘zbek tilida tomosha qilish mumkin.

«Ajdar o‘rgatuvchilar» (How to train your dragon, 2025)

How To Train Your Dragon | Official Trailer

Janr: animatsiya, sarguzasht, komediya;
Rejissyor: Din Deblua;
Mamlakat: AQSh.

Hikoya Vikinglar yashaydigan Berk orolida kechadi. Yosh va biroz g‘alati yigit – Hikkap (Hiccup) o‘z qabilasidagi jasur jangchilar singari ajdarholarni ovlashni orzu qiladi. Ammo taqdir uni butunlay boshqa yo‘lga boshlaydi. U yaralangan ajdaho, Tishsiz (Toothless) bilan do‘stlashib, qabilasining ajdarholarga bo‘lgan qarashlarini o‘zgartiradi.

Film nafaqat bolalar, balki kattalar uchun ham hayot, do‘stlik va bag‘rikenglik haqida chuqur ma’noga ega bo‘lgan mo‘jaz asar.

Ushbu filmni uzmovi.tv, uzbeklar.biz, asilmedia.org saytlarida o‘zbek tilida tomosha qilish mumkin.

«Yo‘qotilgan yerlarda» (In the Lost Lands, 2025)

In The Lost Lands | Official Trailer (HD) | Vertical

Janr: fantastika, sarguzasht, triller;
Mamlakat: AQSh, Kanada, Germaniya;
Rejissyor: Pol Anderson;

Filmda sehr, xavf va insoniy orzular bir-biriga qorishgan. Qudratli sehrgarlar va qadimiy kuchlar to‘qnashuvi fonida film tomoshabinga fantastika va dramatik kuchni birlashtirgan hikoya taqdim etadi.

Asosiy rollarda — Milla Yovovich va Dayv Batista. Ular sirli «yo‘qolgan yerlar» orqali sayohat qilib, har kim o‘z taqdirini topishga, ba’zida esa uni o‘zgartirishga harakat qiladi. Filmda qadriyatlar, kuch, muhabbat va insoniy jasorat haqida chuqur falsafiy fikrlar mavjud. Film vizual jihatdan boy: muzlagan cho‘llar, qumli bo‘shliqlar va yo‘qolgan shahar xarobalari — bularning barchasi kuzgi muhitga g‘ayritabiiy iliqlik bag‘ishlaydi.

Ushbu filmni uzmovi.me, uzmovii.com, kinolar.net saytlarida o‘zbek tilida tomosha qilish mumkin.

«Bitljus Bitljus» (Beetlejuice Beetlejuice, 2024)

BEETLEJUICE BEETLEJUICE | Official Trailer

Janr: fantastika, komediya, qo‘rqinchli;
Mamlakat: AQSh;
Rejissyor: Tim Byorton.

Film voqealari birinchi qismdan yillar o‘tib sodir bo‘ladi. Deetslar oilasi qaytadan eski uylariga ko‘chib keladi, biroq u yerda tinchlik uzoq davom etmaydi — Lidiya Deetsning qizi tasodifan arvohlar olamining eng betartibi — Bitljusni qayta chaqirib yuboradi. Ruhlar dunyosi yana hayot bilan aralashadi, bu esa kutilmagan va kulgili voqealarga sabab bo‘ladi.

Rejissyor Tim Byorton o‘zining mashhur uslubiga sodiq qolgan: qorong‘u ranglar, o‘ziga xos gotik estetika va o‘tkir hazil filmni haqiqiy kuzgi tomoshaga aylantiradi. Yulduzli tarkib — Jenna Ortega, Maykl Kiton, Vaynona Rayder va Monika Belluchi — filmga yangi energiya olib kirgan.

Ushbu filmni uzmovi.tv, asilmedia.org, uzbeklar.biz saytlarida o‘zbek tilida tomosha qilish mumkin.

Stiv (Steve, 2025)

Steve | Official Trailer | Netflix

Janr: drama, komediya;
Mamlakat: Buyuk Britaniya;
Rejissyor: Tim Milants.

Filmda bosh rolni Killian Myorfi ijro etgan bo‘lib, u bu safar mafioz yoki olim emas, balki muammoli o‘smirlar uchun mo‘ljallangan tarbiyaviy maktab direktori rolida namoyon bo‘ladi.
Syujet 1996-yilda, Buyuk Britaniyada kechadi. O‘g‘il bolalar uchun maxsus maktabga hujjatli film suratga olayotgan jamoa tashrif buyuradi. Shu paytda direktor Stiv ta’lim tizimidagi islohotlar tufayli maktabni yopilishdan saqlab qolishga urinadi. Biroq o‘quvchilar, hukumat va ichki bosim orasida u o‘z ruhiy holatini yo‘qota boshlaydi. Eng qiyin sinov esa — jimjit, ichiga tortilgan o‘quvchi Shay (Shy) bilan aloqa o‘rnatish bo‘ladi.

Film muallif Maks Porterning Shy romanidan ilhomlanib yozilgan. Rejissyor Tim Milants hikoyani o‘qituvchi nigohi orqali qayta tasvirlab, insoniylik, ayb hissi va umid haqida chuqur dramatik tahlil yaratgan.

Ushbu filmni onlayn platformalarda ingliz va rus tilida, o‘zbek tilida esa telegram kanallardan topish mumkin.

«G‘urur va andisha» (Pride and prejudice, 2005)

Pride & Prejudice (2005) Official Trailer

Janr: drama, romantika;
Mamlakat: Buyuk Britaniya;
Rejissyor: Jo Rayt;
Bosh rollarda: Kira Naytli, Metyu Makfadyen, Rozamund Payk, Donald Sazerlend.

Film Angliyaning kichik shahrida yashovchi Bennetlar oilasining besh qizini tasvirlashdan boshlaydi. Ularning onasi qizlarini boy va obro‘li erkaklarga uzatishni orzu qiladi. Ammo o‘rta qiz — aqlli, mustaqil va mag‘rur Elizabet Bennet bu dunyoqarashga qarshi turadi. U jamiyat qoidalariga emas, balki qalbiga ergashishni tanlaydi.

Shu orada u janob Darsy bilan uchrashadi — sovuq, g‘ururli, ammo chuqur his-tuyg‘ularga ega erkak. Ularning o‘zaro tushunmovchiliklari, jamiyat bosimi va ichki kurashlari muhabbatning eng sof shakliga aylanadi.

Filmni uzmovi.tv va asilmedia.org, uzbeklar.biz saytlarida esa o‘zbek tilida tomosha qilish mumkin.

«Xarid vasvasasi» (Confessions of a Shopaholic, 2009)

Confession of a Shopaholic being an underrated classic for 4 minutes 26 seconds

Janr: komediya, melodrama;
Mamlakat: AQSh.
Rejissyor: Pol Jon Hogan;
Bosh rollarda: Ayla Fisher, Hyu Densi, Kristin Ritter, Joan Kyusak.

Filmda bosh rolni Ayla Fisher ijro etgan bo‘lib, u iste’dodli, lekin xaridga o‘ch jurnalist Rebekka Blumvud obrazida tomoshabinni o‘ziga rom etadi. Rebekka — Nyu-Yorkda yashovchi yosh ayol, moda jurnallariga ishga kirishni orzu qiladi. U kiyim-kechak va aksessuarlarni shunchalik sevadiki, kredit kartalari limiti allaqachon oshib ketgan. Bir kuni u moliyaviy mas’uliyat haqida maqolalar yozadigan jurnalga ishga joylashadi — bu esa taqdir hazili.

U xaridlar, do‘stlik va muhabbat o‘rtasida muvozanat topishga urinarkan, o‘z hayotidagi eng muhim haqiqatni anglaydi: haqiqiy baxt — yangi sumkada emas, balki o‘zingni kimligingni qabul qilishda.

Film faqat komediya emas, balki o‘zini anglash, iste’mol madaniyati va ichki o‘sish haqida ijobiy hikoya. Ushbu filmni m.ok.ru, uzmovii.com yoki asilmedia.org saytida esa o‘zbek tilida tomosha qilish mumkin.

«Garri Potter» filmlari (Harry Potter, 2001-2011)

Harry Potter

Janr: fantastika, sarguzasht, drama;
Mamlakat: Buyuk Britaniya, AQSh;
Rejissorlar: Kris Kolumbus, Alfonso Kuaron, Mayk Nyuell, Devid Yeyts;
Bosh rollarda: Daniel Radkliff, Emma Watson, Rupert Grint, Alan Rikman, Ralf Fayns.

Butun dunyo bo‘ylab millionlab tomoshabinlar qalbini zabt etgan Harry Potter filmlari — bu sehrli olam, sodiqlik, oila va tanlov kuchi haqidagi eng mashhur kino-epopeya. Britaniyalik yozuvchi Joan Rowling kitoblari seriyasiga asoslangan bu filmlar o‘sish, yo‘qotish va umid mavzularini chuqur yoritadi.

Film seriyasi 2001-yildan 2011-yilgacha davom etgan bo‘lib, sakkizta qismdan iborat. Har bir filmda Garri va uning do‘stlari — Germiona Grenjer va Ron Uizli — yovuz sehrgar Voldemort bilan kurashar ekan, o‘zlarining ichki kuchini, do‘stlik va jasoratning haqiqiy ma’nosini anglaydi.

Filmlar nomlari:

  • «Garri Potter va hikmatlar toshi» (Harry Potter and the sorcerer’s stone, 2001);
  • «Garri Potter va maxfiy hujra» (Harry Potter and the chamber of secrets, 2002);
  • «Garri Potter va Azkaban mahbusi» (Harry Potter and the prisoner of Azkaban, 2004);
  • «Garri Potter va alanga kubogi» (Harry Potter and the goblet of fire, 2005);
  • «Garri Potter va Feniks jamiyati» (Harry Potter and the Order of the Phoenix, 2007);
  • «Garri Potter va tilsim shahzodasi» (Harry Potter and the Half-Blood Prince, 2009);
  • «Garri Potter va ajal tuhfalari» 1-qism (Harry Potter and the Deathly Hallows: Part 1, 2010);
  • «Garri Potter va ajal tuhfalari» 2-qism (Harry Potter and the Deathly Hallows: Part 2, 2011).

Ushbu filmlarni uzmovi.tv, asilmedia.org saytlari orqali o‘zbek tilida tomosha qilish mumkin.

Avvalroq takror ko‘rishga arziydigan eng yaxshi 10 ta o‘zbek filmi haqida maqola e’lon qilingandi.