
Xitoyda MG4 530 Smart Edition avtomobillarining yetkazib berilishi boshlandi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Endi model Ruipu Lanjun o‘rniga CATL kompaniyasi ishlab chiqargan batareyalar bilan ta’minlanadi. MG bosh menejeri Chen Suy bu o‘zgarish oktabr oyi uchun rejalashtirilgan yetkazib berish hajmini saqlab qolish maqsadida amalga oshirilganini aytdi. Endi barcha 530 Smart Edition modellarida faqat CATL batareyalari o‘rnatiladi.

Model haqida nimalar ma’lum
MG4 530 Smart Edition 100 ming yuandan arzonroq (taxminan $14,1 ming) segmentda joylashgan bo‘lib, 530 km CLTC yurish masofasi va avtomatik boshqaruv tizimiga ega. Kompaniya aynan shu funksiyalarni modelning asosiy raqobat ustunligi sifatida ko‘rsatmoqda.
Avgust oyida bozorga chiqqan MG4 qisqa fursatda katta talabga ega bo‘ldi. Xitoy Avtomobil sanoati tadqiqotlari ma’lumotiga ko‘ra, sentabr oyida 11 790 dona MG4 yetkazilgan — bu o‘tgan yilga nisbatan 181,4 foiz o‘sishdir. Modelning birinchi to‘liq oyidagi sotuv hajmi 10 ming donadan oshgan.

Batareyani CATL’ga o‘zgartirish avtomobil sanoatida e’tiborni tortdi. Tahlilchilarning fikricha, bu qaror dastlab ta’minot zanjiri muvozanatini saqlash uchun qabul qilingan bo‘lsa-da, CATL’ning ishonchli texnologiyasi va ishlab chiqarish quvvati xaridorlarda qo‘shimcha ishonch uyg‘otmoqda.
MG4 2025-yil avgustda Chengdu avtosalonida taqdim etilgan bo‘lib, SAIC’ning E3 platformasida ishlab chiqilgan ixcham elektromobil hisoblanadi.
Modelning texnik xususiyatlari
Model 65 800–99 800 yuan (taxminan $9,1–13,8 ming) oralig‘ida narxlanadi. U 120 kVt quvvatga ega motor bilan 160 km/soat tezlikka chiqadi. Akkumulyator sig‘imi 42,8 yoki 53,9 kVt/soat bo‘lib, 437 yoki 530 km yurish masofasini ta’minlaydi. Eng yuqori Anxin Edition versiyasi esa yarim qattiq holatdagi batareyaga ega.

Avtomobil uzunligi 4 395 mm, g‘ildirak bazasi 2 750 mm. Tashqi ko‘rinishida yoritilgan MG logotipi va Cyberster’dan ilhomlangan orqa chiroqlar ajralib turadi. Salon MG x Oppo Smart Connectivity tizimi, 15,6 dyuymli displey, Snapdragon 8155 va Horizon Journey J6e platformalari bilan jihozlangan. Ular avtomatik yo‘l boshqaruvi, o‘z-o‘zidan yo‘l almashtirish va to‘xtash yordamchisini qo‘llab-quvvatlaydi.
MG4 Xitoy bozorida Volkswagen ID.3 va Geely Geome Xingyuan kabi ixcham elektromobillar bilan raqobatlashadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan yangi Toyota Land Cruiser FJ avtomobili kutilganidek bo‘lmagani haqida yozgan edi.