OpenAI sun’iy intellektga ega ChatGPT Atlas brauzerini taqdim etdi

Amerikaning OpenAI kompaniyasi 21-oktabr kuni ChatGPT Atlas nomli sun’iy intellektli brauzerni rasman taqdim etdi.
Kompaniya ma’lum qilishicha, yangi brauzer ChatGPT yordamida turli topshiriqlarni bajarish imkonini beradi. Foydalanuvchi kontentni umumlashtirishi, mahsulotlarni taqqoslashi yoki ma’lumotlarni tahlil qilishi mumkin. Brauzer interfeysida ChatGPT yon panelda ochiladi va matn, elektron xat yoki kalendardagi so‘z tanlanganda avtomatik tarzda paydo bo‘ladi.
Yangi brauzerning «agent» rejimida ChatGPT xaridlarni amalga oshirishi, restoranlarda stol bron qilishi yoki veb-saytlardagi formalarni avtomatik to‘ldirishi mumkin.
Hozircha ChatGPT Atlas faqat macOS tizimi uchun yuklab olish imkoniyatiga ega, biroq yaqin orada Windows, iOS va Android versiyalari ham taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Bugungi kunda sun’iy intellekt o‘rnatilgan bir nechta brauzerlar mavjud: Google o‘z Chrome brauzeriga Gemini chat-botini qo‘shgan, Perplexity kompaniyasi Comet AI brauzerini ishlab chiqqan, Microsoft esa Edge brauzeriga Copilot rejimini integratsiya qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan OpenAI O‘zbekistonda ChatGPT’ning arzonroq versiyasini ishga tushirgani haqida yozgan edi.