Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasi 59,8 mlrd dollarga yetdi

Oʻzbekistonning tashqi savdo hajmi 2025-yilning yanvar–sentabr oylarida $59,8 milliardni tashkil etdi. Milliy statistika qoʻmitasi ma’lumotiga koʻra, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 22,9 foizga koʻp.
Xitoy Oʻzbekistonning asosiy savdo hamkori boʻlib qolmoqda — $11,4 mlrdlik koʻrsatkich bilan. Ikkinchi oʻrinda Rossiya ($9,4 mlrd), uchinchi oʻrinda esa Qozogʻiston ($3,5 mlrd) joylashgan. Shuningdek, beshlikdan Turkiya ($2,2 mlrd) va Janubiy Koreya ($1,3 mlrd) ham oʻrin oldi.
1-oktabr holatiga mamlakat $26,7 mlrdlik tovar eksport qilgan, import hajmi esa $33,1 mlrdni tashkil etgan. Eksport yillik hisobda 33,3 foiz, import esa 15,6 foizga oʻsdi. Bunda O‘zbekiston mahsulotlarini asosan Rossiya, Xitoy va Qozog‘iston xarid qilmoqda. Shu bilan birga, aynan ushbu davlatlar O‘zbekistonga o‘z mahsulotlarini faol yetkazib bermoqda.
Bundan tashqari, yanvar–sentabrda sanoat mahsulotlari eksporti $2,9 milliard, oziq-ovqat mahsulotlari eksporti esa $2 milliardni tashkil etdi.
Import tarkibida esa eng ko‘p mashina va transport uskunalariga — $11,2 milliard, sanoat tovarlariga – $5,3 milliard, kimyoviy moddalarga — $4,1 milliard sarflangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekiston toʻqqiz oyda $10 milliardlik oltin eksport qilgani xabar qilingandi. Milliy statistika qoʻmitasiga ko‘ra, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 70,9 foiz koʻp. Oltin eksportidan tushgan daromad mamlakatning umumiy tashqi tushumlarining 37,1 foizini tashkil etdi.