Oʻzbekiston toʻqqiz oyda 10 milliard dollarlik oltin eksport qildi

Joriy yilning yanvar–sentabr oylarida Oʻzbekiston $9,9 milliardlik oltin eksport qilgan. Milliy statistika qoʻmitasiga ko‘ra, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 70,9 foiz koʻp.
Bu koʻrsatkich tarixiy rekord hisoblanadi — bunday natija hatto bir yil yakunida ham ilgari kuzatilmagan.
Oltin eksportidan tushgan daromad mamlakatning umumiy tashqi tushumlarining 37,1 foizini tashkil etdi. 2024-yil yanvar–sentabr oylarida xorijga $5,8 milliardlik oltin sotilgan bo‘lib, bu umumiy eksport tushumlarining 28,9 foiziga teng bo‘lgan.
Shuningdek, 2023-yilda respublika $8,1 milliardlik oltin eksport qilgan, 2021 va 2022-yillarda esa bu ko‘rsatkich mos ravishda $4,1 milliarddan bo‘lgan.
2025-yil 1-oktabr holatiga koʻra, Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $55 milliardga yetdi. Bu ham tarixdagi eng yuqori daraja hisoblanadi. Shundan $44,2 milliardi oltin, qolgan qismi esa xorijiy valyuta va qimmatli qog‘ozlardan iborat.
Avvalroq O‘zbekistonda 22-oktabr holatiga ko‘ra, oltin quymalar narxi pasaygani xabar qilingandi. Markaziy bank xabariga ko‘ra, narxlar barcha toifadagi quymalar bo‘yicha tushdi. Xususan, 5 grammli quyma 8,693 mln so‘mdan 8,326 mln so‘mga, 10 grammli quyma 17,386 mln so‘mdan 16,652 mln so‘mga, 20 grammli quyma 34,772 mln so‘mdan 33,305 mln so‘mga pastladi.
Jahon bozorida ham oltin narxi keskin pasaydi. Xususan, 22-oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 09:33 holatiga ko‘ra, jahon bozorida oltinning spot narxi bir troya unsiyasi uchun $4129,09 ni tashkil etdi.