
So‘nggi yillarda O‘zbekiston avtomobil bozorida ayollarning o‘rni sezilarli darajada ortdi. Ular mashina tanlashda nafaqat tashqi ko‘rinishga, balki boshqaruvning yengilligi, xavfsizlik, texnologik qulaylik va iqtisodiy samaradorlikka ham e’tibor qaratishmoqda. Jumladan, 2024-yilda O‘zbekistonda ayol taksichilar soni yil davomida to‘rt baravar oshib, 4,1 ming nafarni tashkil etdi. «Kursiv» nashri respublikada ayollar uchun har tomonlama qulay bo‘lgan avtomobillarni keltirib o‘tadi.
Ushbu maqolada quyidagilar bilan tanishasiz:
- Chevrolet Spark
- Chevrolet Cobalt
- Hyundai Kona
- Chevrolet Malibu
- Chevrolet Tracker
- BYD Seagull
- Qaysi avtomobillar murakkablik tug‘diradi
- 2025-yil ayollar tanlagan eng yaxshi avtomobillar
Chevrolet Spark

Ayollar orasida eng ommabop mashinalardan biri bu Chevrolet Spark hisoblanadi. Ixcham o‘lchamlari tufayli u shaharda yurishga juda qulay, tor ko‘chalarda ham bemalol manevr qilish mumkin.
Uning yonilg‘i sarfi tejamkor bo‘lib, 100 km uchun o‘rtacha 6–8 litr benzin ishlatadi. Spark 1,25 litrli dvigatel va 85 ot kuchiga ega. Avtomobilning avtomat transmissiyasi ayollar uchun boshqaruvni yengillashtiradi. Parkovkada ham ixchamligi yordam beradi. Narxi 90–110 mln so‘m oralig‘ida.
Chevrolet Cobalt

Ikkinchi ommabop tanlov bu Chevrolet Cobalt. Sparkka nisbatan kattaroq, ammo boshqarishda qiyinchilik tug‘dirmaydigan model. 1,5 litrli dvigatel 106 ot kuchiga ega, yonilg‘i sarfi esa 7–8 litr atrofida.
Saloni keng, oilali ayollar uchun ayni muddao. Yo‘llardagi notekisliklarda ham balandroq kuzovi yordam beradi. Narxi 130–150 mln so‘m atrofida.
Hyundai Kona

Zamonaviy ayollar orasida Hyundai Kona ham mashhur. Krossover sinfidagi bu avtomobil 1,6 litrli turbo dvigatel (177 ot kuchi) va avtomat transmissiyaga ega. Yonilg‘i sarfi 6,5–7,5 litr. Baland o‘rindiq holati yo‘lni yaxshiroq ko‘rishga yordam beradi. Xavfsizlik tizimlari — avtomatik tormoz, yo‘ldan chiqishni oldini olish funksiyalari bilan jihozlangan. Narxi 260–300 mln so‘m oralig‘ida.
Chevrolet Malibu

Chevrolet Malibu esa ishbilarmon va ko‘proq qulaylikka ahamiyat beradigan ayollar uchun mos. 1,5 litrli turbo dvigatel 160 ot kuchi ishlab chiqaradi, yonilg‘i sarfi 7–8 litr. Saloni keng, multimedia tizimi va avtomatik parkovka funksiyalari bor. Uzoq safarlarga mos. Narxi 280–350 mln so‘m oralig‘ida.
Chevrolet Tracker

Shuningdek, Chevrolet Tracker ham ayollar orasida e’tiborga loyiq. 1,2 litrli turbo dvigatel 132 ot kuchiga ega, yonilg‘i sarfi 6–7 litr. Ixcham krossover sifatida shaharda ham, chekka hududlarda ham yurishga mos. Parkovka yordamchilari mavjud. Narxi 200–230 mln so‘m oralig‘ida.
BYD Seagull

Yaqinda O‘zbekiston bozoriga kirib kelgan BYD Seagull ham ayollar orasida qiziqish uyg‘otmoqda. Bu model elektromobil bo‘lib, eng katta afzalligi — yonilg‘i emas, elektr energiyasida harakatlanishi. Seagull ixcham o‘lchamga ega bo‘lgani uchun shaharda harakatlanishda ayni muddao, parkovka jarayonida ham yengillik yaratadi.
Mashinaning elektr motorlari 75 ot kuchiga ega bo‘lib, maksimal tezligi 130 km/soatga yetadi. To‘liq quvvatlangan batareya 300 km gacha yo‘l bosishga imkon beradi. Quvvatlash vaqti esa 30 daqiqada 80 foizgacha tezkor zaryadlash tizimi orqali amalga oshadi.
Salon dizayni sodda, ammo zamonaviy. Multimedia ekrani, raqamli paneli va avtomatik boshqaruv funksiyalari mavjud. Eng muhimi, Seagull deyarli shovqinsiz ishlaydi, bu haydovchiga yanada qulay muhit yaratadi.
Narx borasida Seagull boshqa elektromobillarga nisbatan arzonroq turadi — 160–190 mln so‘m oralig‘ida taklif qilinmoqda.
Qaysi avtomobillar murakkablik tug‘dirishi mumkin
Hamma mashinalar ham ayollar uchun birdek qulay emas. Masalan, katta hajmdagi Chevrolet Tahoe yoki Toyota Land Cruiser kabi yo‘ltanlamaslar boshqarishda murakkablik tug‘dirishi mumkin.

Ularning dvigateli kuchli (5,7 litr, 300 ot kuchidan yuqori), yonilg‘i sarfi esa yuqori — 13–15 litr atrofida. Katta o‘lchamlari parkovkada noqulaylik tug‘diradi. Narxlari ham juda baland: 800 mln so‘mdan oshadi.
2025-yil ayollar tanlagan eng yaxshi avtomobillar

Women’s Worldwide Car of the Year (WWCOTY) — ayol avtomobil jurnalistlaridan iborat xalqaro hay’at 2025-yilning eng yaxshi avtomobillarini tanladi. Bu yilgi tanlov sakkizta yo‘nalishda o‘tkazilib, xavfsizlik, texnologiya, haydash qulayligi, samaradorlik va narx-sifat muvozanati bo‘yicha eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan modellarga sovrin topshirildi.
Tanlovda 55 mamlakatdan 82 nafar ayol jurnalist qatnashib, 81 ta avtomobilni sinovdan o‘tkazdi. WWCOTY avtomobil sanoatida yagona ayollardan iborat hakamlar hay’ati sifatida tanilgan.
«Bu yil raqobat yanada kuchli bo‘ldi. Yangi brend va modellar sifati sezilarli darajada oshgan. Har bir avtomobil sinov haydovlari va chuqur tahlillar asosida baholandi. Shu sabab bu mukofot millionlab xaridorlar uchun ishonchli ko‘rsatkichga aylangan», — dedi WWCOTY prezidenti Marta Garsiya.
2025-yil g‘oliblari
- Eng yaxshi shahar avtomobili — Mini Cooper.
- Eng yaxshi kompakt SUV — Kia EV3;
- Eng yaxshi katta avtomobil — Audi A6 e-tron;
- Eng yaxshi yirik SUV — Hyundai Santa Fe;
- Eng yaxshi 4×4 va pikap — Toyota Land Cruiser;
- Eng yaxshi hashamatli avtomobil — Porsche Panamera;
- Eng yaxshi texnologiya mukofoti — BYD
- Ayollar uchun eng qulay brend (Sandy Myhre Award) — Volvo.
Mazkur modellarning aksariyati elektr yoki gibrid texnologiyaga ega bo‘lib, zamonaviy dizayn, keng imkoniyatlar va xavfsizlik standartlari bilan ajralib turadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston sharoitida oilaviy foydalanish uchun 5 ta eng yaxshi avtomobil haqida yozgandi.