O‘zbekistonda firibgarlarga qarshi tizim ish boshladi

O‘zbekistonda ayrim mobil aloqa operatorlari telefon firibgarligiga qarshi yangi himoya tizimini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniyalar matbuot xizmatlari ma’lum qildi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda joriy etilgan Anti-Spoofing texnologiyasi soxta raqamlardan amalga oshirilgan qo‘ng‘iroqlarni aniqlab, foydalanuvchilarni shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishini oldini oladi.
Mobiuz kompaniyasi mazkur tizimni 2025-yil sentabr oyida o‘z tarmog‘iga joriy qilgan. Operator ma’lumotiga ko‘ra, bir oy davomida chet eldan O‘zbekistonga yo‘naltirilgan minglab soxta qo‘ng‘iroqlar abonentlargacha yetib bormagan. Shuningdek, robotlashtirilgan qo‘ng‘iroqlarni avtomatik tarzda bloklovchi qo‘shimcha mexanizmlar ham ishga tushirilgan.
Beeline Uzbekistan ham raqamli firibgarlikka qarshi kurash dasturi doirasida Anti-spoofing tizimini ishga tushirgani haqida xabar berdi. Ushbu texnologiya kiruvchi qo‘ng‘iroqdagi raqamning haqiqiyligini tekshiradi.
Agar xalqaro qo‘ng‘iroq O‘zbekiston raqami (+998) ostida yashirinib amalga oshirilgan bo‘lsa, tizim uni darhol bloklaydi.
Kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu himoya mexanizmi roumingdagi qo‘ng‘iroqlarga ham tatbiq etiladi. Chunki firibgarlar ko‘pincha O‘zbekiston operatori nomidan, ammo xorijdan turib soxta qo‘ng‘iroqlarni amalga oshiradi.
Tizim real vaqt rejimida SIM-kartaning qaysi tarmoqda ro‘yxatdan o‘tganini aniqlaydi. Agar u aslida xorijda bo‘lsa, biroq qo‘ng‘iroq mahalliy tarmoqdan kelayotgandek ko‘rinsa, bunday qo‘ng‘iroq avtomatik tarzda to‘xtatiladi. Yangi funksiya barcha abonentlar uchun avtomatik tarzda yoqilgan va uni faollashtirish uchun qo‘shimcha dastur o‘rnatish talab etilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida qabul qilingan prezident qaroriga binoan, Raqamli texnologiyalar vazirligiga yil yakunigacha soxta qo‘ng‘iroqlarni to‘liq cheklash tizimini joriy etish topshirilgan edi.
Shuningdek, bundan avval senatorlar mobil operatorlarni foydalanuvchi roziligisiz abonent mablag‘larini yechib olayotgani uchun tanqid qilgan edi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston Mobiuz’ni $300 millionga sotishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.