
Bugun, 22-oktabr kuni O‘zbekistonda «Mening maktabim» nomli ta’lim loyihasining birinchi bosqichi boshlandi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Ushbu bosqichda birinchi, ikkinchi va to‘rtinchi toifaga kiruvchi 112 ta tumandagi qariyb besh ming maktab ishtirok etmoqda.
5–11-sinflar o‘quvchilari o‘z maktablarini rivojlantirish bo‘yicha g‘oyalar taklif etishlari va ular uchun «Ochiq budjet» portalida ovoz berishi mumkin. Takliflar 22–31-oktabr kunlari qabul qilinadi, tanlov 1–10-noyabr kunlari o‘tkaziladi. Ovoz berish esa 11–20-noyabr kunlari davom etadi.
Loyihaning ikkinchi bosqichi dekabr va yanvar oylarida bo‘lib o‘tadi. Unda uchinchi va beshinchi toifadagi maktablar ham ishtirok etadi.
Avvalroq davlat rahbari keyingi o‘quv yilidan maktabdagi informatika faniga sun’iy intellekt mavzulari kiritilishini ta’kidlagandi. Buning uchun Massachusets texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda yangi darslik ishlab chiqiladi.
Shuningdek, Yangi O‘zbekiston universitetida esa bu yil 100 nafar, kelasi yilda esa 1 300 nafar o‘qituvchi sun’iy intellekt bo‘yicha tayyorlanadi. Ular maktab va oliygohlarda informatika fanini o‘qituvchi ustozlarni qayta tayyorlaydi.