
2025-yil yanvar – sentabr oylarida iqtisodiyot va ijtimoiy sohani rivojlantirish uchun jami 443,6 trillion so‘mlik asosiy kapitalga investitsiyalar yo‘naltirilgan. Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,2 foizga ko‘p bo‘lib, so‘nggi besh yilda investitsiyalar hajmi 2,8 baravar oshgan.
Hisobot davrida o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar miqdori $34,5 milliardni tashkil etgan. Ularning asosiy qismi ishlab chiqarish sanoati, elektr va gaz ta’minoti, tog‘-kon sanoati hamda qishloq xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgan.
Eng kam investitsiya va kreditlar esa suv bilan ta’minlash, sog‘liqni saqlash, axborot va aloqa sohalariga to‘g‘ri kelgan.
Avvalroq Al Majdiah va First Avenue kompaniyasi direktorlari kengashi raisi Abdulsalom Al-Majid O‘zbekistonga sarmoya kiritishga qiziqayotgan saudiyalik tadbirkorlar soni oshayotganini ta’kidlagandi.
«Saudiya Arabistonida keyingi yillarda O‘zbekistonga sarmoya kiritish niyatida bo‘lgan ishbilarmonlar tobora ko‘paymoqda. Biz ham barqarorlik hukm surgan O‘zbekistonga yaxshi niyatlar bilan investitsiya ajratishga qaror qildik. Jumladan, Yangi Toshkent hududida Ar-Riyod mavzesini o‘zbekistonlik hamkorlar bilan barpo etmoqchimiz. Bu borada ishonchingizni oqlaymiz», – deydi u.