Yangiliklar

Qozog‘istondagi OLX e’lonlar sayti Beeline tomonidan 75 mln dollarga sotib olinmoqda

Bitim yakuniy bosqichda turibdi
Foto: Olx

Beeline Qozog‘iston (VEON kompaniyasining mintaqaviy filiali) OLX Group’dan OLX Qozog‘iston onlayn e’lonlar platformasining 100 foiz ulushini $75 million evaziga sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda Beeline kompaniyasi rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

OLX KZ hozirda mamlakatdagi eng mashhur raqamli platformalardan biri hisoblanadi. 2025-yil o‘rtalarida uning oylik faol auditoriyasi 10 million foydalanuvchiga yetgan, sayt orqali 3,6 million e’lon joylashtirilgan. Bu esa Qozog‘istondagi faol internet foydalanuvchilarining 52 foizidan ortig‘ini qamrab oladi.

VEON Group bosh direktori Kaan Terzio‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, ushbu bitim kompaniyaga mijozlarga taklif etilayotgan raqamli xizmatlar doirasini kengaytirish imkonini beradi.

Beeline Qozog‘iston rahbari Yevgeniy Nastradin esa OLX KZ’ning kompaniya ekotizimiga integratsiyasi katta sinergiya salohiyatiga ega ekanini ta’kidladi. Unga ko‘ra, endi foydalanuvchilarga raqamli xizmatlarning kengroq va yagona ekotizimdagi to‘plami taqdim etiladi.

OLX Group bosh direktori Kristian Gizi bitim kompaniyaning asosiy toifalar va ustuvor bozorlarga e’tibor qaratish strategiyasiga mos kelishini bildirdi.

Bitim yakuniy bosqichda bo‘lib, u tartibga soluvchi organlarning roziligi va zarur huquqiy jarayonlar yakunlanishidan keyin amalga oshiriladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri avgust oyida TBC Bank Group OLX Uzbekistan’ning nazorat paketini sotib olgani haqida yozgandi.