Rossiyada Telegram qo‘ng‘iroqlari qayta tiklanmoqda

Rossiya hududida Telegram messenjeridagi ovozli va videoqo‘ng‘iroqlar yana faol bo‘ldi. Bu haqda iGuides Telegram kanali foydalanuvchilar xabarlariga tayanib ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, 2025-yil yozida Rossiya Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi nazorat bo‘yicha federal xizmati (Rosskomnadzor) qarori bilan messenjer va WhatsApp’dagi (Meta Platforms Inc. ekstremistik tashkilot deb tan olingan) audioqo‘ng‘iroqlar bloklangandi. Bunga sabab sifatida telefon firibgarligiga qarshi kurash keltirilgan – idora ma’lumotlariga ko‘ra, xizmatlar soxta raqamlardan ommaviy qo‘ng‘iroqlar uchun faol qo‘llanilgan.
Endilikda esa Telegram’da qo‘ng‘iroq qilish va qabul qilish funksiyasi Rossiyada yana ishlayapti. Biroq hozircha Rosskomnadzor ham, kompaniya vakillari ham rasmiy izoh bermagan.
Mutaxassislar fikricha, xizmatning qayta ishga tushishi texnik o‘zgarishlar yoki cheklovlarning yumshatilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, ayrim foydalanuvchilar hali ham muammolar haqida xabar bermoqda – ba’zilar ulanisha olmayapti, boshqalar esa suhbatdoshni eshitmayapti.
Kuzatuvchilarning aytishicha, bu holat Telegram va Rossiya regulyatorlari o‘rtasidagi texnik va siyosiy kelishuvlar bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Telegram ilk marta shaxsiy akkauntga «galochka» bergani haqida yozgandi.