
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayenning taklifiga binoan 23 – 24-oktabr kunlari Bryussel shahriga rasmiy tashrif bilan boradi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, tashrif davomida Yevropa Ittifoqining asosiy institutlari rahbarlari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Suhbatlarda joriy yil aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilinadi.
Uchrashuvlarda savdo-iqtisodiy, investitsiya va moliya, innovatsiya, energetika, transport-kommunikatsiya, fan va ta’lim kabi ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Tashrif yakunida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi kutilmoqda.
Shuningdek, Mirziyoyev Belgiya rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazadi hamda Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan muloqot qilib, texnologik va sanoat kooperatsiyasini jadallashtirish masalalarini muhokama qiladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Finlyandiya prezidenti O‘zbekistonga tashrif buyurishi haqida yozgandi.