Uy mojarosi: tadbirkor Sanjar Karimov va aldanib qolgan ayol voqeasi keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda

22-oktabr 2025 11:25 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Kollaj qilib tayyorlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda toshkentlik Jamila Olimboyeva ismli ayolning uy bilan bog‘liq oilaviy mojarosi tarqaldi. Uning aytishicha, uyini yo‘qotishiga sobiq qallig‘i va tadbirkor Sanjar Karimov (Real Sanjik) sababchi bo‘lgan.

Voqea tafsilotlari

Jamila Olimboyevaning so‘zlariga ko‘ra, u 2023-yilda Shahzod ismli yigit bilan tanishgan. Yigit o‘zini halol va dindor inson sifatida tanitgan, maishiy texnika savdosi bilan shug‘ullangan va ota-onalar roziligi bilan to‘y 2024-yil sentabrga belgilangan.

Video: Jamila Olimboyevaning Instagram sahifasidan olindi

Ammo to‘yga bir oy qolganda Shahzod qizga moliyaviy qiyinchilikka duch kelganini aytib, qarzini qaytarish uchun Sanjar Karimovdan vaqtincha qarz olmoqchiligini aytadi. Yigit buning evaziga Olimboyeva oilasining uyini garov sifatida qo‘ymoqchiligini aytgan.

Oila bunga 12 kunlik vaqtinchalik bitim deb ishonib, uyni garovga qo‘yish hujjatiga notariusda imzo qo‘yadi. Biroq keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bu hujjat aslida uy oldi-sotdi shartnomasi bo‘lgan.

Shundan so‘ng Shahzod mamlakatdan qochib ketgan, uy esa Sanjar Karimov nomiga o‘tkazilgani aniqlangan. Olimboyevalar bu holatdan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan va uy sotilishi vaqtincha taqiqlangan.

Tadbirkor munosabati

Sanjar Karimov o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida bu oilani ilgari tanimaganligini aytib, holatga munosabat bildirdi.

Video: Sanjar Karimovning Instagram sahifasidan olindi

«Men bu odamlarni birinchi marta notariusda ko‘rdim. Menga bu uy sotuvda ekani aytildi. $240 ming naqd to‘lab, hujjatni qonuniy rasmiylashtirdim», – dedi u.

Karimov o‘zini halol xaridor sifatida ko‘rsatib, aldovga aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

«Agar ular bizneslarida muvaffaqiyatsizlikka uchragan bo‘lsa, bu mening aybim emas. Uy aslida $240 mingga ham arzimaydi, men yordam sifatida sotib olganman», – dedi bloger.

Karimovning rafiqasining holatga izohi

Sanjar Karimovning turmush o‘rtog‘i Dinora ham ijtimoiy tarmoqlarda murojaat qilib, erini himoya qildi.

«Sizning sobiq qallig‘ingiz sizni ham, ota-onangizni ham, Sanjarni ham aldagan. Mening erim ham uning firibgarligidan zarar ko‘rdi», – deb yozgan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uy garovi qonuniy va notarial tartibda rasmiylashtirilgan, Sanjar esa o‘sha firibgardan ham zarar ko‘rgan.

«Sanjar ham katta miqdordagi pulini yo‘qotgan. Uni ayblash – adolatsizlik», — degan tadbirkorning turmush o‘rtog‘i.

Jamoatchilik muhokamasi

Mazkur voqea ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarni keltirib chiqarmoqda. Ko‘pchilik Jamila Olimboyevani qo‘llab-quvvatlab, adolat so‘ramoqda. Biroq ayrim foydalanuvchilar uni hujjatlarni tekshirmaslikda ayblamoqda. Sanjar Karimovning sahifalari ham izohlarga to‘lgan.

«Uyni qaytar!», «Allohdan qo‘rqing!», – degan fikrlar ko‘p uchraydi.

Holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar hozircha rasmiy izoh bermagan. Shahzod Interpol orqali Dubayda qo‘lga olingan va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan. Ish hozirda tergov bosqichida, ammo Karimov jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida tilga olinmagan.

Kursiv Uzbekistan voqea tafsilotlarini o‘rganmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan qozogʻistonlik bloger Toshkent metrosida begona yigitlarga tegajogʻlik qilgani haqida yozgandi.

Shuningdek