
Toshkent shahrida kuzgi xazonrezgilik mavsumida chiqindilarni o‘z vaqtida yig‘ish va olib chiqishni samarali tashkil etish maqsadida «Toza hudud» va «Toza poytaxt» loyihalari doirasida maxsus shtab faoliyatini boshladi. Bu haqda shahar hokimligi xabar berdi.
Shtabning asosiy maqsadi — poytaxtda qulay, ozoda va sog‘lom muhitni ta’minlash.
Tarkibiga Toshkent shahar hokimligi, Bosh prokuratura, Ekologiya, Favqulodda vaziyatlar hamda Ichki ishlar vazirliklari, shuningdek, Milliy gvardiya va boshqa tegishli tashkilotlar vakillari jalb etilgan.
Aholi yashayotgan hududlarda chiqindilar to‘planib qolgan holatlar aniqlansa, fuqarolar Xalq nazorati portalining «Toza shahar» yoki «Toza hudud» bo‘limlarida murojaat qoldirishlari mumkin.
Har bir murojaat bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 15-oktabrdan respublika bo‘ylab tozalik va ozodalik oyligi boshlangani haqida yozgandi.