
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining 2025-yil sentabr oyi hisobotiga ko‘ra, Toshkentda ikkilamchi uy-joy bozori narxlari o‘tgan yilga nisbatan 1,7 foizga kamaygan.
Sentabr oyi yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 24,2 mingtani tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,7 foizga ko‘p. Birlamchi bozorda narxlar uch foizga oshgan, ayniqsa Mirobod, Bektemir va Yakkasaroy tumanlarida o‘sish 5,8 foizni tashkil etgan.
Ikkilamchi bozorda narxlar
Ikkilamchi uy-joy bozori narxlari sentabr oyida o‘rtacha 0,6 foizga oshgan. Yil davomida esa 4,6 foiz o‘sish kuzatilgan. Eng yuqori narx o‘sishi Surxondaryo, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida qayd etilgan.
Toshkent shahrida esa ikkilamchi bozorda o‘tgan yilga nisbatan 1,7 foiz pasayish kuzatilgan. Ayniqsa, Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek va Chilonzor tumanlarida narxlar 4,3 foizga tushgan.
Ijara narxlari
Toshkent shahrida uy-joy ijara narxi o‘rtacha bir kvadrat metr uchun $8,5 ni tashkil etdi. Eng yuqori narxlar Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida kuzatilgan.
Shuningdek, o‘tgan yilga nisbatan poytaxtda ijara narxlari 1,4 foizga oshgan. Eng katta o‘sish esa Yunusobod, Olmazor va Mirobod tumanlarida qayd etilgan (o‘rtacha 4,4%).
Avvalroq kam daromadli, uyga muhtoj fuqarolarga har yili uy-joy ipotekasi uchun $200 mln subsidiya ajratilishi xabar qilingandi. Shuningdek, 810 ta mahallada suv, kanalizatsiya, yo‘l, maktab va bog‘cha qurish uchun $1,3 mlrdlik loyihalar amalga oshiriladi.