
Toyota kompaniyasi tomonidan yangi Toyota Land Cruiser FJ avtomobili taqdim etildi. Bu haqda kompaniya saytida xabar bermoqda.
Biroq ko‘plab muxlislar modelning texnik imkoniyatlaridan norozi bo‘lgan. Ular yangi modelni «afsonaning so‘nishi» deb atashmoqda.
Yangi Land Cruiser FJ 2025-yil Japan Mobility Show ko‘rgazmasida rasman namoyish etiladi. U 2026-yilning birinchi yarmida savdoga chiqadi.
Mini yo‘ltanlamas — katta bahslar

Avtomobil IMV ramali platformada yaratilgan — bu baza ilgari Hilux pikapi va Fortuner yo‘ltanlamasida ham ishlatilgan. Uning kapoti ostida 2,7 litrli atmosferali dvigatel joylashgan. O‘lchamlari jihatidan u Jeep Wrangler’ga yaqin, ammo tashqi ko‘rinishi ixchamroq va soddalashgan.
«Bu endi o‘sha FJ emas»
2006–2014-yillarda ishlab chiqarilgan original FJ Cruiser o‘zining kuchli shassisi va soddaligi bilan afsonaga aylangandi. Yangi model esa muxlislar orasida «FJ emas, balki Prado modelining o‘yinchog‘i» degan tanqidlar bilan kutib olindi.
Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar shunday yozmoqda:
«Ishonolmayman, ular mening sevimli FJ Cruiserimni Jeep Renegade’ga aylantirishdi!»
Toyota nega bunday yo‘l tutdi?
Kompaniya buni bozor strategiyasi bilan izohlamoqda. Yaponiyada va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida tor yo‘llar va shahar sharoitida harakatlanish uchun ixcham avtomobillar talab yuqori. Shuning uchun yangi FJ shu bozorlarga mo‘ljallangan: tejamkor, ixcham va ishonchli.




AQSh bozorida esa kutilmalar boshqacha
Toyota hozircha AQShda 4Runner, Tacoma va Sequoia modellari orqali offroad segmentini ushlab turibdi. Biroq muxlislar kompaniyadan haqiqiy voris — Jeep Wrangler yoki Ford Bronco bilan raqobatlasha oladigan «haqiqiy FJ Cruiser»ni kutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toyota Corolla Cross Hybrid Nasu Edition avtomobili haqida yozgan edi.