
AQSh Rossiya kompaniyalari «Rosneft» va «Lukoyl»ga qarshi sanksiya joriy qilganidan soʻng neft narxi 4 foizga oshdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Brent markali neft fyucherslari 4,3 foizga qimmatlab, barreli $65,30 ga yetdi. West Texas Intermediate (WTI) esa 4,4 foizga oshib, $61,06 ni tashkil etdi.
AQSh Moliya vazirligi bayonotida qayd etilishicha, bu choralar Rossiyani Ukrainadagi urushni toʻxtatishga undash maqsadida kiritilgan. Prezident Donald Tramp avval Rossiyaga bu masalada sanksiya qoʻllamagan edi, biroq endi Rossiyaning ikki yirik neft eksportchisi Kremlning urush mashinasini moliyalashtirayotgani bois cheklovlarga uchradi.
Shuningdek, Buyuk Britaniya oʻtgan haftada shunga oʻxshash sanksiyalarni e’lon qilgan, Yevropa Ittifoqi esa 19-paket doirasida Rossiya suyultirilgan gazi importini taqiqlagan edi.
Saxo Bank tahlilchisi Ole Hansenning fikricha, sanksiyalar Xitoy va Hindistonni neftni boshqa manbalardan sotib olishga majbur qiladi. UBS eksperti Jovanni Staunovo esa narxlarning keyingi oʻsishi Hindistonning pozitsiyasiga bogʻliq boʻlishini ta’kidladi.
Manbalarga koʻra, Hindistonning yirik xususiy kompaniyasi Reliance Industries Rossiya neftini import qilishni cheklash yoki toʻxtatish rejasini koʻrib chiqmoqda. Shu bilan birga, mamlakatdagi davlat neft korxonalari ham «Rosneft» va «Lukoyl»dan toʻgʻridan toʻgʻri yetkazib beriladigan partiyalarni tekshirishni boshlagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh Rossiyaning yirik neft kompaniyalariga yangi sanksiyalar joriy qilgani haqida xabar bergan edi.