Avto

Chevrolet Cobalt avtomobilidagi eng ko‘p uchraydigan muammolar

Yanvar – sentabr oylarida 95 ming dona Cobalt xarid qilingan
Chevrolet Cobalt
Chevrolet Cobalt avtomobilidagi eng ko‘p uchraydigan muammolar / Rasm SI yordamida yaratilgan / Manba: Autostrada

Cobalt avtomobili o‘zbek avtobozorida hanuz eng ommabop modellardan biridir. Yanvar – sentabr oylarida 95 ming dona Cobalt xarid qilingan. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida Chevrolet Cobalt avtomobilidagi eng ko‘p uchraydigan muammolar haqida so‘z boradi.

Maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:

Dvigatel va mexanik muammolar

Foto: Chevrolet

Ba’zi Cobalt avtomobillarida (asosan eski modellarda) dvigatel zanjiri cho‘zilib ketishi yoki yeyilishi kuzatiladi. Natijada motor ishlaganda g‘ayrioddiy shovqin eshitiladi va avtomobilning yurish holati beqarorlashadi. Bu muammoni e’tiborsiz qoldirish esa keyinchalik ancha qimmat ta’mirlashga yoki hatto dvigatelni almashtirish zaruratiga olib keladi.

EGR tizimi xatosi

«Check Engine» chirog‘i yoqilsa, bu chiqindi gazlarni qayta aylantirish tizimi – EGR valfining nosozligidan darak beradi. Ko‘p hollarda kontaktlarni tozalash yoki ushbu detalni yangisiga almashtirish muammoni hal qiladi. Tajribali ustalar bu qismni Chevrolet Cruze modeliniki bilan almashtirishni tavsiya etishadi.

Foto: Car24

Yonilg‘i baki va sizib chiqishlar

Qopqoq to‘g‘ri yopilmasa, salon ichida benzin hidi paydo bo‘ladi va «Check Engine» chirog‘i yonadi. Yoqilg‘i tizimidagi eskirgan shlang yoki nasos sababli ham sizib chiqish kuzatiladi. Bu esa, ayniqsa issiq havoda, yong‘in xavfini oshiradi.

Avtomat uzatma sovutgichi sizishi

Avtomat transmissiyali Cobalt’larda moy sovitish tizimi trubkalarida yoriqlar paydo bo‘lishi mumkin. Bunda moy oz-ozdan sizib chiqadi. Mutaxassislar bunday hollarda metall quvurlar o‘rniga moyga chidamli rezina shlang o‘rnatishni tavsiya etishadi – bu yechim muammoni deyarli butunlay bartaraf etadi.

Foto: «Novie Avto»

Dvigatel harorati ko‘rsatkichi yo‘qligi

Cobalt’da motor haroratini ko‘rsatuvchi indikator yo‘q. Faqat haddan tashqari qizib ketsa, ogohlantiruvchi chiroq yonadi. Shu bois haydovchi termostat nosozligini oldindan sezolmaydi. Issiq iqlimda bu jiddiy kamchilik sifatida baholanadi.

Elektr tizimidagi nosozliklar

Ba’zi avtomobillarda AKB belgisi doimiy yonib turadi, lekin generator normal ishlayveradi. Bu holat ko‘pincha kuchlanish regulyatori releysining ishdan chiqishidan kelib chiqadi. Uni yangilash muammoni bartaraf etadi.

Cobalt egalari orasida eng ko‘p uchraydigan muammolardan biri – masofadan qulflash pulti ishdan chiqishi. Dastlab batareyadan deb o‘ylansa-da, asl sabab markaziy qulf boshqaruvi blokining nosozligida bo‘ladi. Yangi blok o‘rnatilgach, pult yana normal ishlay boshlaydi.

Rasm SI yordamida yaratilgan

Chiroqlar va elektr jihozlar

Ba’zan faralar o‘z-o‘zidan o‘chib qoladi yoki burilish chiroqlari tartibsiz miltillaydi. Ayrim hollarda esa o‘rindiq isitkichlari ham ishonchsiz ishlaydi. Bular kichik elektr nosozliklar bo‘lib, servisda simlarni tekshirish orqali tez tuzatish mumkin. Cobalt’da konditsioner tizimi avtomatik emas, ya’ni haroratni haydovchi qo‘lda sozlashi kerak bo‘ladi.

Yomg‘irli yoki nam havoda salon oynalari ichkaridan tez terlaydi. Buni konditsionerni yoqib bartaraf etish mumkin, ammo aynan konditsionerning o‘zi ham Cobalt’da «zaif nuqta» sanaladi. Ko‘plab haydovchilar sovuq havo chiqmasligi yoki konditsionerdan g‘alati tovushlar eshitilishi haqida shikoyat qilishgan. Mutaxassislar bunga freon gazining sizib chiqishi sabab bo‘lishini ta’kidlashadi. Bu holat, odatda, muhrlovchi halqalar eskirganida sodir bo‘ladi. Ularni yangilash tizimni qayta tiklaydi.

Foto: Chevrolet

Salon sifati va qulaylik muammolari

Cobalt saloni arzon plastikdan tayyorlangani sababli u qisqa vaqt ichida tirnalib, quyoshda rangini yo‘qotadi. Ko‘plab haydovchilar hatto yangi mashinada ham material sifati pastligini sezishgan. Ayniqsa, old panel («torpedo») 1–2 yil ichida oqarib, dog‘-dog‘ tusga kiradi. Bunga qarshi ba’zilar maxsus mato qoplamalar yoki plastik uchun mo‘ljallangan bo‘yoqlardan foydalanishadi.

Salondagi shovqinlar

Mashina ishlatilgan sari salon qismlari bo‘shashib, g‘irchillagan tovushlar paydo bo‘ladi. Yo‘lning shovqini va dvigatel ovozi ham deyarli to‘siqsiz ichkariga kiradi. Shu sababli ko‘pchilik egalari salonni o‘z hisobidan qo‘shimcha shovqin yutuvchi material bilan qoplashgan. Texnik tomondan Cobalt mustahkam, ammo komfort borasida shovqin va titrashlar seziladi.

Foto: Avto.ru

Ko‘rinish va ergonomika

Orqa qismi baland bo‘lgani uchun orqa ko‘rish imkoni cheklangan. Parktronik yoki orqa kamera esa hatto yuqori komplektatsiyada ham zavoddan o‘rnatilmagan. Shu bois orqaga harakatlanishda ehtiyotkorlik zarur. Yana bir noqulaylik — yukxona eshigini faqat pult orqali ochish mumkin. Agar pult yo‘qolsa yoki batareyasi o‘tirsa, bagajni ochish deyarli imkonsiz.

Salon germetikligi. 2020-yilgi ayrim modellarda yomg‘ir paytida oynalar atrofiga suv sizib kirgani haqida shikoyatlar bo‘lgan. Haydovchilar bu muammoni oddiy silikon bilan yopish orqali hal qilishgan. 2021-yildan boshlab zavodda bu kamchilik bartaraf etilgan.

Foto: Chevrolet

Xavfsizlikdagi zaif tomonlar

Chevrolet Cobalt’ning ilk avlodlarida (2000-yillar oxiri) xavfsizlikka oid katta muammo kuzatilgan edi: kalitni burish mexanizmi nosozligi sababli dvigatel yurish paytida to‘satdan o‘chib qolgan. Bu holat rul boshqaruvi, tormoz kuchaytirgichi va xavfsizlik yostiqchalari ishini to‘xtatgan. Natijada bir necha yo‘l-transport hodisalari ro‘y bergan va ishlab chiqaruvchi butun dunyo bo‘ylab millionlab mashinalarni chaqirib olib, kontakt tizimini almashtirishga majbur bo‘lgan. Yaxshiyamki, 2017-yildan keyingi mahalliy modellarda bunday nosozlik qayd etilmagan.

Kuzov metalli va xavfsizlik hissi

Ayrim haydovchilar Cobalt metallining yupqaligidan shikoyat qiladilar — bu xavfsizlikka ishonchni kamaytiradi. Engil metall, albatta, yonilg‘i tejamkorligini oshiradi, lekin jiddiy to‘qnashuvlarda xavf darajasini oshiradi. Ba’zi foydalanuvchilar hatto taksi xizmati uchun kelgan Cobalt’ni tanlamasliklarini aytishgan. Shunga qaramay, model bozorda eng ko‘p sotiladigan mashinalardan biri bo‘lib qolmoqda. Chunki u «kam pulga» odamni ishonchli manzilga yetkazadi.

Foto: Chevrolet

Tavsiyalar

  1. Markaziy qulf pulti. Batareyani o‘z vaqtida almashtiring va zaxira pultni tayyor tuting. Agar pult butunlay ishlamay qolsa, uning elektron modulini yangisiga almashtirish kerak bo‘ladi.
  2. Akkumulyator chirog‘i. Asboblar panelida AKB belgisi sababsiz yonib tursa, servisga boring. Odatda bu kuchlanish regulyatori releysining ishdan chiqqanini bildiradi.
  3. Dvigatel shovqinlari. G‘ayrioddiy tovushlar paydo bo‘lsa, e’tiborsiz qoldirmang. Zanjir tarangligi va dvigatel detallari holatini tekshirtirish tavsiya etiladi.
  4. Yonilg‘i sizishi. Qopqoqni har safar mahkam yoping, benzin hidi sezilsa yoki «Check Engine» chirog‘i yonsa, tizimni darhol ko‘rikdan o‘tkazing.
  5. Konditsioner. Tizimni har mavsum oldidan tekshirtiring, freon sizib chiqmayotganiga ishonch hosil qiling. Eskirgan halqalarni yangilash sovitish sifatini tiklaydi.

Avvalroq UzAuto Motors taqdim etadigan yangi Chevrolet Cobalt haqida nimalar ma’lumligi haqida yozgan edik.