Yangiliklar

Qozog‘istonda noma’lum dron portladi

Hodisa aholi yashaydigan hududdan uzoqda sodir bo‘lgan
G‘arbiy Qozog‘istonda noma’lum dron portladi
Foto: Sputnik.kz

Qozog‘iston Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Burli tumanida noma’lum dron portlashi qayd etildi. Hodisa aholi yashaydigan hududdan tashqarida sodir bo‘lgan, hech kim jabr ko‘rmagan, moddiy zarar ham qayd etilmagan.

Dronning qaysi davlatga mansubligi hozircha aniqlanmagan, biroq uning ayrim qismlarida ukrain tilidagi yozuvlar topilgani sababli u Ukrainada ishlab chiqarilgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, tekshiruv davomida dron katta quvvatga ega jangovar zaryad olib yurgani aniqlangan. Hozirda hodisa joyida tuman hokimligi, favqulodda vaziyatlar departamenti va politsiya vakillari faoliyat yuritmoqda.

Mudofaa vazirligi mamlakat havo hududi ustidan nazorat kuchaytirilganini ma’lum qildi. Davlat chegarasini ruxsatsiz kesib o‘tishning oldini olish maqsadida qo‘shimcha choralar ko‘rilgan. Shu bilan birga, dronlarning kelib chiqishi bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan maslahatlashuvlar olib borilmoqda.

Qozog‘istonda bu kabi holatlar so‘nggi oylar ichida bir necha bor kuzatilgan. Fevral oyida Bo‘keyorda, mart oyida esa Jonibek tumanida shunga o‘xshash dron qoldiqlari topilgan edi.

So‘nggi voqealar Qozog‘iston uchun havo xavfsizligi masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi. Hukumat yaqin haftalarda havo hududini himoya qilish choralarini yanada kuchaytirishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘istonda futbolchi o‘yin payti vafot etgani haqida xabar bergan edi.