Iqtisodiyot va moliya vaziri: iqtisodiyot joriy yilda 7 foizga o‘sadi

Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov mamlakat iqtisodiyoti 2025-yilda 7 foizga o‘sishini ma’lum qildi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri xabar bermoqda.
Qo‘chqorovning aytishicha, O‘zbekiston global iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramay, ishonchli o‘sish sur’atlarini saqlab qolmoqda.
«Yil yakuni bo‘yicha konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi maqsadli ko‘rsatkich — YIMning 3 foizi darajasida bo‘ladi. Inklyuziv o‘sish va iqtisodiy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun bizning fiskal strategiyamiz intizom, samaradorlik va barqarorlik tamoyillariga asoslanadi», — deya qayd etdi u.
Tadbir Franklin Templeton investitsion kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, u O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasini boshqaradi. Vazir ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarmida YIM 7,2 foizga o‘sdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi boshqariladigan darajada bo‘lib qolmoqda.
«Xalqaro valyuta jamg‘armasi tahliliga ko‘ra, mamlakatning tashqi va umumiy qarz yukiga oid xatarlar past darajada baholanmoqda», — deya qo‘shimcha qildi u.
Energiya tariflarining oshirilishiga qaramay, inflyatsiya nazorat ostida qolayotgani ta’kidlandi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonga investitsiyalar so‘nggi besh yilda 2,8 baravarga oshgani haqida yozgan edi.