O‘zbekiston energetika tizimida 2035-yilgacha qanday oʻzgarishlar kutilmoqda

eʼlon qilindi
Boston Consulting Group (BCG) xalqaro konsalting kompaniyasi prognoziga ko‘ra
Foto: Energetika vazirligi

O‘zbekiston energetika sohasida kelasi o‘n yillikda tub islohotlar amalga oshiriladi. Boston Consulting Group (BCG) xalqaro konsalting kompaniyasi prognoziga ko‘ra, mamlakatda 2035-yilgacha elektr energiyasi iste’moli 123 mlrd kVt·soatgacha, ishlab chiqarish quvvati esa 34 GVtga yetadi.

Bu haqda BCG boshqaruvchi direktori va hamkori Igor Alekseev 23-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Investorlar kuni» doirasida Kursiv’ga ma’lum qildi.

Islohotlarning yangi bosqichi

Alekseevning aytishicha, so‘nggi besh yilda O‘zbekiston energetika sektori chuqur o‘zgarishlarni boshdan kechirdi.

2019-yilda «O‘zbekenergo» qayta tashkil etilib, elektr ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash bo‘yicha alohida kompaniyalar tuzildi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

2023-yilda esa «Uzenergosotish» kompaniyasi yagona xaridor sifatida faoliyat boshladi, «Milliy elektr tarmoqlari» esa uzatish uchun mas’ul bo‘ldi.

Shuningdek, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tashkil etildi. U kelgusida tariflarni tasdiqlash va hisob-kitoblarni nazorat qiladi.

Master-reja va yangi tarif tizimi

2025-yilda qabul qilingan energetika master-rejasi doirasida hukumat tarif islohotini boshladi. 2028-yilgacha quyidagi o‘zgarishlar amalga oshiriladi:

  • optoviy elektr bozorini ishga tushirish (2025 – 2026);
  • tariflarni yangi agentlik orqali belgilash;
  • soatbay narx belgilash tizimini joriy etish (2027 – 2028);
  • taqsimlovchi tarmoqlarni xususiy operatorlarga topshirish;
  • «Milliy elektr tarmoqlari» va «Hududiy elektr tarmoqlari»ni IPOga tayyorlash;
  • RAB-tariflar tizimini joriy etish, bunda tariflar investitsiya va infratuzilma qiymatiga bog‘lanadi.

Energiya iste’moli va yangi chaqiriqlar

BCG ma’lumotiga ko‘ra, elektr energiyasi iste’moli 2024-yildagi 68 mlrd kVt·soatdan 2035-yilda 123 mlrd kVt·soatgacha oshadi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Sanoat sektori iste’moli 56 mlrd kVt·soatgacha, aholining uy-ro‘zg‘or sarfi esa 28 mlrd kVt·soatgacha ko‘tariladi.

Transport sektori eng tez o‘suvchi yo‘nalish bo‘lib, elektromobillar sonining ortishi hisobiga iste’mol 1,6 mlrd dan 5,5 mlrd kVt·soatgacha yetadi.

Shuningdek, IT-soha, xususan ma’lumotlar markazlari, keyingi 10 yilda 9 mlrd kVt·soatlik qo‘shimcha talabni shakllantiradi.

Yangi quvvatlar va «yashil energetika»

Kelasi o‘n yillikda 34 GVt yangi generatsiya quvvatlari ishga tushiriladi, shundan:

  • asosiy qismi – quyosh va shamol manbalari;
  • 6 GVt – issiqlik stansiyalari;
  • 3 GVt – gidroenergetika.

Bundan tashqari, 9000 km yangi elektr tarmoqlari, 30 dan ortiq podstansiyalar va 800 ta transformator punktlari qurilishi rejalashtirilgan.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Raqamli boshqaruvga o‘tish

Alekseevning so‘zlariga ko‘ra, energetika sohasi raqamli transformatsiyaga ham muhtoj. «Yashil energetika» ulushi ortgani sayin, sohada yangi texnologiyalar, boshqaruv tizimlari va malakali kadrlar zarur bo‘ladi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

«Bu jarayon energetika kompaniyalaridan yangilanish, moslashuvchanlik va zamonaviy boshqaruv madaniyatini talab qiladi», – deya xulosa qildi BCG vakili.

Shuningdek