Yangiliklar

O‘zbekistonda «Haj va Umra yagona portali» ishga tushdi

haj
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (www.my.gov.uz) yoki www.haj-umra.gov.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin
Haj ziyorati
Foto: Pexels.com

O‘zbekiston fuqarolari endilikda Haj va Umra safarlariga onlayn tarzda navbatga yozilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Yangi tizim — «Haj va Umra yagona portali» ishga tushirildi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ma’lumot berdi.

Talabgorlar endi ikki yo‘l bilan ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin: Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (www.my.gov.uz) yoki www.haj-umra.gov.uz sayti orqali.

Yangi portal ziyoratchilarga uydan chiqmasdan hujjatlarni rasmiylashtirish, kerakli tashkilotlarga murojaat qilish hamda jarayonni ortiqcha byurokratik to‘siqlarsiz amalga oshirish imkonini beradi. Loyiha Haj va Umra safarlarini tashkil etishda qulaylik, shaffoflik va ochiqlikni ta’minlashni maqsad qilgan.

Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi «Haj – 2026» mavsumi uchun yangi tartibni joriy etdi. Endilikda har bir ziyoratchi haj vizasini olish uchun «Nusuk» platformasi orqali olingan tibbiy sog‘lomlik to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etishi shart.

Ushbu chora ziyoratchilarning sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan. Saudiya Sog‘liqni saqlash vazirligi tegishli idoralarga ziyoratchilarni puxta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda sog‘lig‘i yomon bo‘lgan shaxslarni aniqlash vazifasini yukladi.

Vazirlik shuningdek, tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan yoki soxta ma’lumot bilan ro‘yxatdan o‘tgan holatlar aniqlansa, belgilangan tartibda qat’iy choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Saudiya Arabistoni Haj ziyorati uchun yangi talablarni joriy etgani haqida yozgandi.