O‘zbekistonda «soxta chegirma» e’lon qilish taqiqlanadi

Endi O‘zbekistonda savdo do‘konlari mahsulot narxini avval sun’iy oshirib, keyin «chegirma» deb tushirish orqali xaridorlarni chalg‘ita olmaydi. Hukumat qarori bilan chakana savdo qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi.
Qarorga ko‘ra, endi chegirma e’lon qilinganda avvalgi narx oxirgi 30 kun ichidagi eng past narx bo‘lishi shart. Sotuvchi aksiya yoki chegirma o‘tkazmoqchi bo‘lsa:
- tovarlarning so‘nggi 30 kunlik narxlarini hisobda yuritishi;
- aksiya haqida soliq organlariga 10 kun oldin xabar berishi;
- chegirma shartlari va muddati haqida iste’molchiga aniq ma’lumot taqdim etishi kerak.
Shuningdek, aksiyadagi narx odatdagi narxdan katta shriftda yozilmasligi belgilangan. Alkogol, tamaki va nikotin mahsulotlariga esa bunday aksiyalar qo‘llanilmaydi.
Qoidalarni buzgan sotuvchilarga javobgarlik choralari qo‘llanadi.
Avvalroq O‘zbekistonda muddati tugayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini chegirmada sotish tizimi joriy etilishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, yirik savdo markazlari va oziq-ovqat do‘konlarida maxsus rastaralar tashkil qilinadi. Mahsulotlar narxi har 10 kunda bosqichma-bosqich pasaytirilib boriladi.