Redmi K90 smartfoni taqdim etildi

23-oktabr 2025 17:39 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Redmi
Foto: Redmi

Xiaomi kompaniyasi tomonidan yangi Redmi K90 Standard Edition smartfoni taqdim etildi. Bu haqda ITHome xabar bermoqda.

Ishlab chiqaruvchi uni K seriyasidagi eng mukammal bazaviy model deb atadi. Qurilma kuchli Snapdragon 8 Elite protsessorida ishlaydi va 7100 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. Batareya 100 vattli tez zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ekran va dizayn

Redmi K90’da 6,59 dyuymli Super Pixel Full RGB displey o‘rnatilgan. Ekran 2510×1156 piksel aniqlikka ega va Xiaomi Qingshan Eye Protection 3.0 texnologiyasi orqali ko‘zlarni himoya qiladi. Wet Touch 2.0 texnologiyasi esa qurilmadan nam qo‘l bilan ham foydalanish imkonini beradi.

Batareya va funksiyalar

Smartfonda Xiaomi Jinshajiang akkumulyatori qo‘llanilgan bo‘lib, u 1,69 sutkagacha ishlaydi. Qurilma 22,5 vattli teskari zaryadlashni ham qo‘llab-quvvatlaydi, ya’ni u boshqa gadjetlarni quvvatlay oladi.

Foto: Redmi

Kamera imkoniyatlari

Asosiy modulda 50 megapikselli sensor o‘rnatilgan. Shuningdek, xuddi shu o‘lchamdagi sensor 2,5x optik zumli teleobyektivda ham ishlatilgan. Uchinchi modul 8 megapikselli ultra keng burchakli kameradan iborat.

Himoya va qo‘shimcha qulayliklar

Redmi K90’da ultratovushli barmoq izi skaneri, stereodinamiklar, kuchli vibratsiya motorchasi, NFC chipi va IR sensor mavjud. Qurilma IP68 himoya darajasiga ega — suv va changdan ishonchli himoyalangan.

Smartfon to‘rt xil rangda taqdim etilgan: qora, ko‘k, oq va och binafsha. Shu texnik imkoniyatlarga qaramay, boshlang‘ich narxi atigi $355 bo‘lgani uchun Redmi K90 o‘z segmentida kuchli raqobatchiga aylanmoqda.

Narxlar:

Xotira hajmiNarx (AQSh dollari)
12 GB + 256 GB$355
16 GB + 256 GB$395
12 GB + 512 GB$435
16 GB + 512 GB$475
16 GB + 1 TB$545

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Redmi K90 smartfoni Xitoyda oldindan buyurtmaga chiqqani haqida yozgan edi.

Shuningdek