Toshkentdagi xalqaro avtomobillar ko‘rgazmasi, GM’dan yangi texnologiyalar, oshayotgan dollar — 23-oktabr yangiliklari

Kursiv Uzbekistan muhim yangiliklarni bir joyga jamladi.
O‘zbekistonda «Haj va Umra yagona portali» ishga tushdi

O‘zbekiston fuqarolari endilikda Haj va Umra safarlariga onlayn tarzda navbatga yozilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Yangi tizim — «Haj va Umra yagona portali» ishga tushirildi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ma’lumot berdi.
General Motors avtomobillarida yangi texnologiyalarni joriy qiladi

General Motors (GM) Nyu-Yorkdagi GM Forward konferensiyasida yangi avtonom boshqaruv, ovozli sun’iy intellekt va yagona dasturiy platforma texnologiyalarini e’lon qildi. Bu haqda Electriccarsreport xabar bermoqda.
«Paxtakor» akademiyasi dunyoning eng yaxshi 100 ta futbol maktabi ro‘yxatiga kirdi

Xalqaro sport tadqiqotlari markazi (CIES) tomonidan e’lon qilingan eng nufuzli futbol akademiyalari reytingida Toshkentning «Paxtakor» klubi akademiyasi 90-o‘rinni egalladi.
Bu ro‘yxatga jahon bo‘ylab 49 ta ligadan tanlangan 100 ta eng kuchli akademiya kirgan bo‘lib, unda Yevropaning katta klublari – «Barselona», «Real Madrid», «Ajax» va boshqalar bilan birga O‘zbekiston klubi ham joy oldi.
O‘zbekiston xitoyliklarga vizasiz kirish muddatini 30 kungacha uzaytirdi

O‘zbekiston hukumati Xitoy fuqarolari uchun vizasiz kirish muddatini 30 kungacha uzaytirdi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarori e’lon qilindi.
Qarorga ko‘ra, endilikda Bahrayn, Qatar, Kuvayt, Ummon, Saudiya Arabistoni va Iordaniya fuqarolari O‘zbekistonga 30 kungacha vizasiz kirish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, Xitoy fuqarolari uchun ham 30 kunlik vizasiz rejim amal qiladi. Biroq Gonkong aholisi uchun avvalgi tartib saqlanib qoladi – ular 7 kungacha vizasiz kirishlari mumkin.
AQSh Rossiyaning yirik neft kompaniyalariga yangi sanksiyalar joriy qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp 21-oktabr kuni Rossiyaning eng yirik ikki neft kompaniyasi – «Rosneft» va «Lukoyl»ga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu choralar Moskvaning Ukraina bilan tinchlik muzokaralariga rozi bo‘lishiga turtki bo‘lishi kerak. Sanksiyalar e’lonidan bir kun avval Tramp Putin bilan Budapeshtda rejalashtirilgan uchrashuvni noma’lum muddatga qoldirgan edi. AQSh moliya vaziri Skot Bennon bu qarorni Putinning urushni to‘xtatishdan bosh tortgani bilan izohladi.
O‘zbekistonda «soxta chegirma» e’lon qilish taqiqlanadi

Endi O‘zbekistonda savdo do‘konlari mahsulot narxini avval sun’iy oshirib, keyin «chegirma» deb tushirish orqali xaridorlarni chalg‘ita olmaydi. Hukumat qarori bilan chakana savdo qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi.
Qarorga ko‘ra, endi chegirma e’lon qilinganda avvalgi narx oxirgi 30 kun ichidagi eng past narx bo‘lishi shart.
Shavkat Mirziyoyev Bryusselga jo‘nab ketdi

Shavkat Mirziyoyev 23-oktabr kuni Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayenning taklifiga binoan Bryussel shahriga rasmiy tashrif bilan jo‘nab ketdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
UzAuto Motors avtomobil shartnomalariga QR-kod joriy qildi

«UzAuto Motors» AJ mijozlarga qulay va ishonchli xizmat ko‘rsatish maqsadida avtomobil xarid shartnomalarini raqamlashtirmoqda. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, endi har bir shartnomaga maxsus QR-kod qo‘yiladi.
Toshkent xalqaro avtomobillar ko’rgazmasi qanday o‘tdi — fotoreportaj

«Taksi» filmidagi avtomobil, afsonaviy retromobillar, katta qiziqishlarga sabab bo‘lgan sariq Lamborghini: CAEx Uzbekistan xalqaro ko‘rgazma markazida Toshkent xalqaro avtomobillar ko’rgazmasi bo‘lib o’tmoqda. Kursiv Uzbekistan avtomobil ixlosmandlari uchun ko‘rgazmadan fotoreportaj tayyorladi.
24-oktabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi

24-oktabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kun uchun AQSh valyutasi 12 129,33 so‘m (+28,04 so‘m) etib belgilandi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.