Xiva 2026-yil uchun eng yaxshi sayohat yo‘nalishlari ro‘yxatiga kirdi

Dunyoning eng nufuzli sayohat nashrlaridan biri — National Geographic 2026-yilning eng yaxshi sayohat yo‘nalishlari ro‘yxatini e’lon qildi. Ular orasida O‘zbekistonning Xiva shahri ham bor.
Unga ko‘ra, jurnalda «Samarqand va Buxoro mashhurlik cho‘qqisida bo‘lsa, Xiva o‘tmishga yanada haqiqiy va xotirjam sayohatni taklif etadi. Yozda Toshkentdan tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi esa yo‘lni ikki baravar qisqartiradi», deyiladi keltirilgan maqolada.
National Geographic sayyohlarga Ichan qal’a — YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan qadimiy shahar bilan tanishishni, shuningdek, lazgi raqsi, bahodirlar o‘yinlari va qovun sayli kabi milliy festivallarda ishtirok etishni tavsiya qilgan.
Xiva bilan bir qatorda ro‘yxatga Kanadaning Kvebek provinsiyasi, Xitoyning Pekin shahri, Marokashning Rabot shahri, Turkiyaning Qora dengiz qirg‘oqlari, Ruandaning Akagera milliy parki, Filippinning Manila shahri va boshqa mashhur yo‘nalishlar ham kiritilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangi zelandiyalik erkak eng uzun ism egasi sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kirgani haqida yozgandi.